Kirish imtihonlari qachondan boshlanishi e’lon qilindi
Jamiyat
−
07 iyul 12994 1 daqiqa
2025-2026 o‘quv yilida oliy va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish test sinovlari 14 iyuldan 23 iyulga (10 kun) qadar bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, test sinovlari 2 smenada tashkil etiladi. 1-smena soat 08:00 da, 2-smena 15:00 da boshlanadi. Abituriyentlardan test sinovlari boshlanishidan kamida bir yarim soat oldin belgilangan hududga yetib kelishi talab etiladi.
Test sinovlarida ishtirok etish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarga “Abituriyent ruxsatnomasi” my.uzbmb.uz sayti orqali berilmoqda.
Abituriyentlardan o‘zlariga tegishli “Abituriyent ruxsatnomasi”ni yuklab olishlarini hamda chop etib qo‘yishlari so‘raladi. Abituriyentlar ruxsatnomada belgilangan manzildagi binoda, ko‘rsatilgan sanada va smenada test sinovlarida ishtirok etadi. Abituriyentlarga boshqa hudud, kun va smenada test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat etilmaydi.
Abituriyentlar test sinoviga pasport (ID-karta) va abituriyent ruxsatnomasi bilan belgilangan vaqtdan kechikmagan holda kelishi lozim. Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek, kechikib kelgan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi. Barcha abituriyentlardan ruxsatnomalarini yuklab olishlari so‘raladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025-2026 o‘quv yilida oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarga “Abituriyent ruxsatnomasi”ni berish boshlangani xabar qilingandi.