Kipr G‘azoga gumanitar yordam yuborish uchun yangi koridor ochmoqchi

Olam

image

Kecha, 5 noyabr kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Kipr Prezidenti Nikos Xristodulidis bilan uchrashib, oroldan G‘azo sektoriga yordam yetkazish uchun dengiz yo‘lagi yaratish imkoniyatini muhokama qildi. Bu haqda Kipr hukumati vakili Konstantinos Letimbiotis X’dagi sahifasida ma’lum qildi.

Letimbiotisning yozishicha, Blinken va Xristodulidis o‘rtasidagi Larnaka aeroportida bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida ular bir tomonlama maxsus dengiz yo‘lagi yaratish, u orqali Kiprdan G‘azoning tinch aholisiga doimiy ravishda insonparvarlik yordami olib borishni muhokama qilgan.

Kipr Prezidentining o‘zi esa Fransiya, Yevropa komissiyasi va Isroil dengiz gumanitar koridorini ochish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini aytgan.

“Shu asosda biz BMT bilan muzokaralar olib bormoqdamiz, chunki yordam aholiga yetib borishi va HAMAS qo‘liga tushmasligi uchun BMT orqali yuboriladi”, deydi Xristodulidis.

Prezidentning aytishicha, u o‘tgan oy Yevropa Ittifoqi yetakchilari bilan rejani muhokama qilgandan so‘ng, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan ham mavzu yuzasidan fikr almashgan.

"Kipr Respublikasi o‘z imkoniyatlari doirasida G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamining uzluksiz yetkazilishini ta’minlashga harakat qilmoqda. Biz har qanday vaqtda tayyor bo‘lishimiz va sharoitlar imkon berishi bilanoq, ushbu taklifni amalga oshirishni boshlashimiz kerak ", deya qo‘shimcha qilgan Xristodulidis.

Isroil bilan insonparvarlik yordami uchun sulh muhokama qilinganmi, degan savolga u Bosh vazir Netanyaxuning o‘zi bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan.

"Biz tafsilotlarni muhokama qilmoqdamiz, chunki G‘azo atrofidagi dengiz zonasi kemalarning yaqinlashishiga imkon bermaydi", deydi u.

Eslatib o‘tamiz, 21 oktyabr kuni G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami yuklangan birinchi yuk mashinalari Rafah nazorat punkti orqali anklavga kirgandi. O‘shanda 20 ta yuk mashinasi G‘azo chegarasini kesib o‘tgach, o‘tish joyi yopilgandi. Misr TIV vakili Ahmad Abu Zayd Isroil tomonidan yaratilgan to‘siqlar yordamning Falastin anklaviga yetib borishini qiyinlashtirayotganini ma’lum qilgan. Abu Zaydning so‘zlariga ko‘ra, G‘azoga ketayotgan barcha yuklar Isroilning Nitsana nazorat-o‘tkazish punktida belgilangan manzilga yetib borishidan oldin tekshirilishi kerak, bu esa yo‘nalishni taxminan 100 kmga uzaytiradi


Maqola muallifi

Teglar

Kipr G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing