Kimning singlisi AQSHga tahdid qildi
Olam
−
05 mart
12751Dushman kuchlar KXDRning o‘z suvereniteti va xavfsizlik manfaatlarini himoya qilishga tayyorligini sinovdan o‘tkazmasligi kerak. Bu haqda Koreya Mehnat partiyasi Markaziy qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari, mamlakat yetakchisi Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Chjon ma’lum qildi.
“Dushmanlar bizning irodamiz va davlat suvereniteti hamda xavfsizlik manfaatlarini himoya qilish qobiliyatini o‘zlarining barcha arsenallaridan foydalangan holda sinab ko‘rmasligi kerak. Bu juda xavfli”, deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirgan Koreya markaziy axborot agentligi (KCNA).
Bu fikrga joriy yilning 2 mart kuni Janubiy Koreyaning Pusan shahri portida Amerikaning USS Carl Vinson yadroviy samolyot tashuvchi kemasining paydo bo‘lishi sabab bo‘ldi.
Kim Yo Chjon, shuningdek, AQSHning hozirgi ma’muriyati o‘zidan oldingilarning “dushmanlik siyosatini” davom ettirganini aytdi.
“Agar AQSH harbiy kuchlarini namoyish etish bo‘yicha rekordni yangilashda davom etsa, biz ham strategik to‘xtatuvchi kuchlardan foydalanish bo‘yicha rekordni yangilashga majbur bo‘lamiz”, deb ta’kidladi KXDR yetakchisining singlisi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Koreya yarimorolida Amerika strategik aktivlarining mavjudligi “yomon odat”ga aylanib bormoqda.
“Biz dushman xavfsizligiga tahdid soladigan strategik darajadagi harakatlarni faollashtirish variantlarini jiddiy muhokama qilishni rejalashtirmoqdamiz”, degan Kimning singlisi.
KCNA xabariga ko‘ra, u Koreya yarimorolidagi vaziyatning keskinlashuviga “AQSH va uning sun’iy yo‘ldoshlarining hiyla-nayranglari” sabab bo‘lganini aytgan.
“Pxenyan mintaqadagi tinchlikka tahdid soluvchi Qo‘shma Shtatlar va uning sun’iy yo‘ldoshlarining namoyishkorona g‘azabini qoralaydi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kim Chen Inning singlisi Koreya yarimoroli va mintaqadagi kuchlar tengligining buzilishi darhol urush boshlanishini anglatishi haqida so‘z ochgandi. Uning aytishicha, shuning sababli KXDRning yadro kuchlarini mustahkamlash yo‘nalishi yagona to‘g‘ri tanlov.
LiveBarchasi