Kim qizini Ukrainadagi urush qurbonlari sharafiga qurilgan ko‘chaga olib bordi
Olam
−
16 fevral 13273 1 daqiqa
Kecha, 15 fevral kuni Kim Chen In Rossiya–Ukraina urushi paytida halok bo‘lgan shimoliy koreyalik askarlar oilalari uchun Pxenyanda qurilgan yangi uylarning ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda mamlakat axborot agentligi xabar berdi.
Shuningdek, Shimoliy Koreya yetakchisi “Saeppyol” deb nomlangan yangi ko‘chaning ochilish marosimida ham qatnashgan. Tadbirda uning qizi Kim Chju E va boshqa rasmiylar ham ishtirok etgan.
Kim Chen In nutqida yangi ko‘cha eng qadrli narsalarini himoya qilish yo‘lida jonini fido qilgan askarlar xotirasiga hurmat ifodasi ekanini ta’kidlagan. U mazkur hududni mamlakat faxri va kelajak avlodlar uchun o‘rnak manbai deb atagan.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, yangi uylar halok bo‘lgan askarlar oilalari hamda xorijdagi harbiy operatsiyalarda qatnashgan jangchilar uchun mo‘ljallangan. Hukumat bu oilalarga imtiyozli sharoit yaratish va doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatishni va’da qilgan.
Ochilish marosimidan so‘ng Kim Chen In ayrim oilalarning uylariga kirib, ularga hamdardlik bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq KXDR rahbari Kim Chen In o‘z qizi Kim Chju Eni voris sifatida tayinlashni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.