Kim Chen In josuslik va kamikadze dronlarini sinovdan o‘tkazdi
Olam
−
27 mart
2849Koreya Xalq Demokratik Respublikasi rahbari Kim Chen In sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etilgan josuslik va kamikadze dronlarining sinovini kuzatdi. Bu haqda Koreya markaziy axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Kim Chen In uchuvchisiz aviatsiya texnikasi birlashmasi hamda uning ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyati bilan tanishgan. U mazkur dronlarning sinov jarayonlarini kuzatib, ularning harbiy samaradorligi va strategik qiymatini yuqori baholagan.
Sinov natijalariga ko‘ra, yangi turdagi strategik razvedka droni o‘zining innovatsion xususiyatlarini namoyon etgan. Ushbu dron turli strategik nishonlarni kuzatish va dushman qo‘shinlarining quruqlik va dengizdagi harakatlarini monitoring qilish qobiliyatiga ega. Bundan tashqari, kamikadze dronlarining turli taktik hujum vazifalarini bajarish imkoniyati to‘liq namoyon bo‘lgan.
Kim Chen In yaxshilangan strategik razvedka droni hamda sun’iy intellekt texnologiyalari bilan jihozlangan kamikadze hujum dronlarining harbiy samaradorligi va strategik ahamiyatini yuqori baholagan. U, shuningdek, ushbu kompleksning yangi rejalari va ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish bo‘yicha taklifini qo‘llab-quvvatlagan.
Kim Chen In ushbu sohalarning yaqin kelajakdagi vazifalari hamda uzoq muddatli strategik maqsadlari bo‘yicha muhim topshiriqlar bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq KXDR Sariq dengiz tomonga bir nechta ballistik raketa uchirgandi. Shu kuning o‘zida AQSH va Janubiy Koreya ham “Freedom Shield” deb nomlangan keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlarni boshlagan. KXDR Tashqi ishlar vazirligi ushbu mashg‘ulotlarni “tahdidli urush repetitsiyasi” deb atab, ular Koreya yarimorolidagi vaziyatni taranglashtirayotganini ta’kidlagandi.
LiveBarchasi