Kim Chen In yangi raketasini sinovdan o‘tkazdi (foto)
Olam
−
29 yanvar 2024 6795 2 daqiqa
Kecha, 28 yanvar kuni Shimoliy Koreya suvosti kemasidan ikkita yangi “Pulxvasal-3-31” qanotli raketalarini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda Koreya markaziy axborot agentligi xabar berdi.

Sinovlarni mamlakat yetakchisi Kim Chen In boshqargan. Qayd etilishicha, raketalar taxminan ikki soat parvoz qilgan va shartli nishonlarga aniq zarba bergan.
"Sinov atrofdagi mamlakatlar xavfsizligiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmadi va u mintaqadagi vaziyat bilan bog‘liq emas edi. Hurmatli, o‘rtoq Kim Chen In sinov natijasidan juda mamnun bo‘ldi", deyiladi agentlik xabarida.

O‘z navbatida, Janubiy Koreya Qurolli kuchlari shtab boshliqlari qo‘mitasi KXDR o‘zining sharqiy sohilidan Yapon dengizi tomon bir nechta qanotli raketalarni uchirganini tasdiqladi.

Kim Chen In raketalarni muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazgandan so‘ng Harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondonligi bilan yadroviy suvosti kemasi va boshqa yangi kemalarni qurish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi.

Shimoliy Koreya yetakchisining ta’kidlashicha, harbiy-dengiz kuchlarini yadroviy qurol bilan jihozlash “zamonning dolzarb vazifasi va yadroviy strategik qurolli kuchlarni yaratishning asosiy talabidir”.

Ma’lumot uchun, KXDR 2023 yilning mart oyida yadro zaryadini simulyatsiya qiluvchi eksperimental kallaklarga ega “Xvasal-1” va “Xvasal-2” strategik qanotli raketalarini sinovdan o‘tkazgan. Ular “Xvasan-31” taktik yadro kallagi bilan jihozlanishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. “Yonhap” agentligi “Pulxvasal-3-31” nomidagi 31 raqami aynan shu jangovar kallakni o‘rnatish imkoniyatini anglatishini taxmin qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Shimoliy Koreya “Pulxvasal-3-31” qanotli raketasini ilk marta joriy yilning 24 yanvar kuni sinovdan o‘tkazgandi.