Kim Chen In Ukrainaga bosqinda Rossiyani qo‘llashga va’da berdi

Olam

image

Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu kecha, 4 iyun kuni Shimoliy Koreyaga bordi va u yerda mamlakat rahbari Kim Chen In bilan uchrashdi. Bu haqda Rossiya Xavfsizlik kengashi saytida xabar berildi.

Uchrashuv chog‘ida Kim Chen In KXDR Rossiyani Ukrainadagi urushda ham qat’iy qo‘llab-quvvatlashda davom etishini bildirgan.

“KXDR hukumati Rossiyaning pozitsiyasi va tashqi siyosatini barcha jiddiy xalqaro siyosiy masalalarda, ayniqsa Ukrainadagi mojaroda shartsiz qo‘llab-quvvatlaydi”, degan Shimoliy Koreya rahbari.

Ukraina urushi haqida gapirar ekan, Kim Chen In Rossiyaga “adolatli urushda doimiy g‘alabalarni” tilagan.

Qayd etilishicha, tomonlar uchrashuv chog‘ida Kursk viloyatida bo‘lib o‘tgan janglarni ham muhokama qilgan. Ushbu janglarda Shimoliy Koreya askarlari Ukraina Qurolli kuchlariga qarshi Rossiya tomonida turib jang qilgan.

Rossiya Xavfsizlik kengashi “koreyalik jangchilarning jasoratini abadiylashtirish” masalasi muhokama qilinganini bildirgan.

Ma’lumot uchun, 2024 yilning 19 iyunida Vladimir Putin Pxenyanga qilgan tashrifi chog‘ida strategik hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan. Ushbu bitimga ko‘ra, har ikki davlat boshqa davlat tomonidan qurolli hujumga uchragan taqdirda bir-biriga harbiy va boshqa shakllarda yordam ko‘rsatishga majbur.

2024 yilning kuzida KXDR harbiylari Rossiyaning Kursk viloyatiga yuborilgan va u yerda Ukraina armiyasiga qarshi jang qilgan. Dastlab Rossiya hukumati bu holatni inkor etgan bo‘lsada, 2025 yilning aprelida Mudofaa vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va shaxsan Prezident Vladimir Putin bu ishtirokni tasdiqladi. Pxenyanda esa bu operatsiya “g‘alabali yakunlangan” deb e’lon qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Kim Chen In

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing