Kim Chen In tuxumni ko‘paytirishni buyurdi (foto)

Olam

image

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In qizi bilan yangi parrandachilik fermasiga tashrif buyurib, parranda go‘shti va tuxum ishlab chiqarishni ko‘paytirishga chaqirdi. Bu haqda Koreya markaziy axborot agentligi xabar berdi.

Kim Chen In kecha, 7 yanvar kuni Gvanchxon tovuq fabrikasiga tashrif buyurgan. KXDR rahbari Shimoliy Koreya “xalqining ovqatlanishini yaxshilashga katta hissa qo‘shadigan” ushbu korxona faoliyatini e’tirof etgan. 

Qayd etilishicha, Kim Chen In go‘sht va tuxum yetishtirishning bugungi darajasi va uni avtomatlashtirishdan mamnun bo‘lgan hamda ushbu zavoddan o‘rnak olib, boshqa fermer xo‘jaliklarini modernizatsiya qilish va uning tajribasini ommalashtirishga chaqirgan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, KXDR 2024 yilda Pxenyanda xuddi shunday korxona ochishni rejalashtirmoqda. Kim Chen In “aholi ko‘proq go‘sht va tuxum olishi uchun hosildorlikni tinimsiz oshirishga” undagan. U ishlab chiqarishni saqlab qolishni "muhim siyosiy maqsad" deb atagan.

Kim Chen Inning fikricha, bu korxona namunali parrandachilik xo‘jaligi bo‘lgani uchun mamlakat aholisining turmush darajasini oshirishga hissa qo‘shishi kerak.

Qayd etish joizki, o‘tgan oyda tuxum va uning narxi ko‘plab  ommaviy axborot vositalarining asosiy mavzusi bo‘lgandi. Dastlab, dekabr oyi o‘rtalarida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tovuq tuxumi narxining jiddiy oshgani uchun rossiyaliklardan uzr so‘ragan va mavjud vaziyatni hukumat ishidagi muvaffaqiyatsizlik, deb atagan. Prezident vaziyat yaqin orada tuzatilishiga va’da bergan.

Shuningdek, Putin Rossiya Qishloq xo‘jaligi vaziri Dmitriy Patrushev bilan tovuq tuxumi narxining oshishi masalasini muhokama qilgani haqida gapirgan. 

"Yaqinda men Qishloq xo‘jaligi vaziri bilan gaplashdim. Undan tuxum yetkazib berishdagi kamchiliklar haqida so‘radim. Vazir hammasi yaxshi ekanini aytdi. Men unga oddiy odamlarda bu borada hammasi yaxshi emasligini aytdim. Tovuq tuxumi narxining o‘sishi 40 foizni tashkil etadi, tovuq go‘shti esa bundan ham qimmatlagan. Nima bo‘lganini bilasizmi? Biz daromadning biroz o‘sishini boshdan kechirmoqdamiz. Talab oshdi. Bu nisbatan arzon protein bo‘lib, fuqarolar orasida ommalashgan. O‘zim ham pishgan tuxumni yaxshi ko‘raman. Bir vaqtlar men ertalab birdaniga o‘nta tuxumni paqqos tushirardim”, degan Putin 2023 yil yakunlari bo‘yicha o‘tkazgan matbuot anjumanida.

Keyinchalik, 25 dekabr kuni Sank-Peterburgda bo‘lib o‘tgan YeOII sammitida Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko mamlakatining mahsulot ishlab chiqarishdagi muvaffaqiyati haqida “maqtanganidan” keyin Putin undan Rossiyaga tuxum yetkazib berishni so‘radi. 

Lukashenko sammitda so‘zga chiqib, Belarus o‘zini oziq-ovqat bilan ta’minlayotganini aytdi. U respublika qaysi tovarlarga bo‘lgan ichki talabni mustaqil ravishda qoplashini sanay boshladi. Don, go‘sht, sut va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari haqida gapirganidan so‘ng, Lukashenko to‘xtab qoldi, Putinga qaradi va "tovuq tuxumi" ni tilga oldi va kuldi.

“Bizgayam tuxumdan qarashing, faqat o‘zlaringiz yeyavermasdan”, deya javob qildi Putin.

29 dekabrda esa Lukashenko Minskdagi Vitebsk broyler parrandachilik fermasining do‘koniga borganida Vladimir Putin bilan tovuq tuxumini baham ko‘rishni buyurdi. 

“Sizda tovuqlar bormi? Tuxum berishi qanday?” deb so‘radi Lukashenko. 

Ijobiy javob olgach, u tuxumlardan bir qismini Putinga jo‘natish kerakligini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Kim Chen In qizi bilan taktik va strategik raketalar ishlab chiqaruvchi zavodga borgandi. Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmati direktori lavozimiga nomzod Cho Txe Yon Shimoliy Koreya rahbarining qizi Kim Chju Eni Shimoliy Koreya yetakchisining o‘rniga tayyorlanayotganini prognoz qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Kim Chen In Shimoliy Koreya Aleksandr Lukashenko tuxum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing