Kim Chen In Putin bilan birga “imperializmga qarshi” kurashmoqchi (video)
Olam
−
13 Sentabr 2023
8518Bugun, 13 sentyabr kuni Rossiya va Shimoliy Koreya rahbarlari Vladimir Putin va Kim Chen In o‘rtasidagi muzokaralar “Vostochniy” kosmodromida boshlandi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
“Biz, albatta, iqtisodiy hamkorlik masalalari, gumanitar masalalar, mintaqadagi vaziyat haqida gaplashib olishimiz kerak”, degan Rossiya rahbari uchrashuvni ochib berar ekan.
O‘z navbatida, KXDR rahbari Putinga Pxenyan Moskvaning barcha qarorlarini qo‘llab-quvvatlashi va ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishga tayyorligini aytgan. U ikki davlat “imperializmga qarshi” kurashishda hamkorlik qilishiga umid bildirgan.
Qayd etilishicha, davlat rahbarlari delegatsiyalar ishtirokida muloqot qiladi, zarur bo‘lsa, yakkama-yakka uchrashuvlarni davom ettiradi. Muzokaralarda Rossiya tomonidan Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari – matbuot kotibi Dmitriy Peskov, Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Bosh vazir o‘rinbosari – Sanoat vaziri Denis Manturov, Mudofaa vaziri Sergey Shoygu, Bosh vazir o‘rinbosari Aleksey Overchuk, Bosh vazir o‘rinbosari Marat Xusnullin, Transport vaziri Vitaliy Savelev, Tabiiy resurslar vaziri Aleksandr Kozlov ishtirok etmoqda.
Shimoliy Koreya tarafdan esa Tashqi ishlar vaziri Cho Son Xi, Koreya Mehnat partiyasi markaziy qo‘mitasi harbiy ma’muriyat bo‘limi mudiri Pak Chung Chxon, Markaziy harbiy komissiya boshlig‘i o‘rinbosari Li Byon Chxol qatnashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Putin va Kim Chen In rasmiy muzokaralar oldidan “Vostochniy”da qisqacha gaplashgandi. Ular montaj va sinov binosining asosiy kirish qismida uchrashgan, so‘ng kosmodrom ob’ektlarini ko‘zdan kechirgandi.
LiveBarchasi