Kichiklar boshqargan “katta rullar”

Tahlil

image

Navoiyda yo‘l-patrul xizmati inspektori xizmat olib borayotgan vaqtida mashina urib ketishi oqibatida vafot etdi. E’tiborlisi shundaki, YTHni sodir etgan mashina maktab o‘quvchisi boshqaruvida bo‘lgan. Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, voqea 19 yanvar kuni soat tungi 1:45 da sodir bo‘lgan. Yo‘l-patrul xizmati inspektori Navoiy shahrining Islom Karimov ko‘chasida olib borayotgan xizmati vaqtida davlat raqamisiz, yo‘l harakati qoidalarini buzib harakatlangan Kia Sonet mashinasining haydovchisiga to‘xtash ishorasini qilgan. Haydovchi esa ishoraga bo‘ysunmasdan yo‘l harakati qoidasini buzgan holda qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan hamda inspektorni urib yuborgan va u yerdan qochib ketgan. Inspektor esa voqea joyida vafot etgan. Olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari natijasida Kia Sonet’ni 2008 yilda tug‘ilgan maktab o‘quvchisi boshqargani, mashina uning otasiga tegishli bo‘lgani aniqlangan. Avtomobil yashirib qo‘yilgan joyidan topilib, jarima maydoniga joylashtirilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, vafot etgan inspektor Jasurjon Muhammadov 1993 yilda tug‘ilgan, 2 farzandning otasi bo‘lgan. U ichki ishlar organlari tizimida 2017 yildan buyon ishlab kelgan. Biz bu mavzuga bejiz qo‘l urmadik. Har yili dunyoda qariyb 1 million 200 ming odam YTHlar oqibatida vafot etadi, 50 millionga yaqini esa nogironlikkacha bo‘lgan og‘ir tan jarohati oladi. E’tiborlisi, avtohalokatlar sababchilari ko‘p hollarda o‘smirlar hisoblanadi.

Haydovchi o‘quvchilar

Maktab o‘quvchilari tomonidan avtomobil boshqarish holatlari jamiyatda xavfsizlik masalalarini kun tartibiga chiqarmoqda. Yoshlar orasida sodir bo‘layotgan YTHlar nafaqat o‘zlarining hayotiga, balki atrofdagilarning xavfsizligiga ham tahdid solmoqda. Bunga yuqoridagi kabi ko‘plab misollar keltirish mumkin. Masalan, 2024 yil 9 avgust kuni Jomboyda maktab o‘quvchisi tomonidan sodir etilgan YTH oqibatida 4 yashar bola voqea joyida vafot etdi. 17 oktyabrda esa Samarqandda 7 sinf o‘quvchisi boshqarib kelayotgan "Jiguli" avtomashinasi haydovchining ehtiyotsizligi oqibatida yo‘l chetidagi ariqqa ag‘darilib ketgan va ushbu o‘quvchi keyinchalik shifoxonada vafot etgan. Voyaga yetmagan bolalar mashina haydashga qiziqishlari mumkin, ammo shaxslarning jismoniy va aqliy layoqatlari asosida mashina boshqaruv huquqi beriladigan yosh chegaralari qonunchilik yo‘li bilan tartibga solingan. Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorining 149-bandiga ko‘ra, transport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lishi uchun o‘rganuvchi o‘quv muddati yakunida: 

  • “A” toifasi uchun — 16 yoshga;
  • “B” va “C” toifalari uchun — 18 yoshga;
  • “BE” va “CE” toifalari uchun — 19 yoshga;
  • “D” va “DE” toifalari hamda tramvay va trolleybuslar uchun 21 yoshga to‘lgan bo‘lishi kerak.

Biroq, ko‘pchilik voyaga yetmagan shaxslar belgilangan muddatlardan oldinroq avtomashina boshqarishni, tengdoshlariga ko‘z-ko‘z qilishni xohlashadi. Farzandlarini nazorat qilmagan ota-onalar bilvosita muammo sababchisiga aylanadi.

Voyaga yetmagan jinoyatchilar

Allaqachon XXI asr va ijtimoiy tarmoqlarning, ayniqsa, o‘smirlarga ta’siri katta. Mashhur blogerlar yoki ijtimoiy tarmoqdagi qahramonlarning taqlid qilishga undovchi kontentlari ham yoshlarni avtomobil boshqarishga rag‘batlantiradi. Video tagiga yozib qo‘yilgan “takrorlash tavsiya etilmaydi” jumlasini ko‘pchilik o‘qib ham ko‘rmasa kerak, uni inobatga olish esa boshqa masala. QALAMPIR.UZ o‘tgan 2024 yilda voyaga yetmagan shaxslar tomonidan sodir etilgan YTHlar soni bo‘yicha ma’lumot taqdim etishini so‘raganida YHXBB xodimi Statistika agentligiga murojaat qilishni, agentlik esa mazkur statistik ko‘rsatkichlar hali shakllantirilmagani va kelgusida e’lon qilinishini bildirdi. Shunga ko‘ra, holatni 2023 yilgi ma’lumotlar bilan tahlil qilishga majburmiz.

Shunday qilib, yil davomida 104 mingdan ortiq jinoyat ro‘yxatga olingan va uning 4 foizi, ya’ni 3559 tasi voyaga yetmagan shaxslar tomonidan sodir etilgan. Shuni ham ta’kidlash kerakki, ushbu ko‘rsatkich so‘nggi 5 yilda ketma-ket o‘sib borgan. 18 yoshga yetmagan shaxslar asosan, o‘g‘rilik, bezorilik, firibgarlik, talonchilik va bosqinchilik kabi jinoyatlarga ko‘proq qo‘l ursalar-da, ular tomonidan sodir etilayotgan YTHlar badali og‘irroq kechayotgani sir emas.

Bu ko‘pincha jiddiy jarohatlar yoki o‘lim bilan yakunlanadi. Namanganda ijaraga mashina olgan maktab va texnikum o‘quvchilari Gentra’da tezlikni oshirishlari oqibatida boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi tomonda harakatlanib kelayotgan yuk mashinasiga urilgani va mashinada bo‘lgan 5 nafar bolaning 3 nafari vafot etgani yodingizda bo‘lsa kerak. Va bu yosh bolalarning o‘z hayotlari evaziga ijaraga mashina olishlarining yagona misoli emas. So‘nggi qo‘ng‘iroq bayrami arafasida Navoiyda Matiz avtoulovini ijaraga olgan bitiruvchi o‘quvchilarning boshqaruvni yo‘qotib YTHga uchrashlari oqibatida ikki nafari vafot etgan edi.

Huquqiy oqibatlar

O‘tgan yili Senatda o‘tkazilgan Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida ma’lum qilinishicha, 2023 yili mamlakat bo‘ylab 9 839 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 9 209 nafar fuqaro jarohatlangan va 2 282 nafar fuqaro halok bo‘lgan. Shuningdek, yo‘llarda 2023 yilda jami 16 milliondan ortiq qoidabuzarlik qayd etilgan, jumladan 13 milliondan ko‘p qo‘pol qoidabuzarlik, 42 mingga yaqin transport vositasini mast holda boshqarish, 300 mingdan ortiq piyodalar qoidabuzarligi qayd etilgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, 5 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lganlar orasidagi o‘limning asosiy sababi aynan avtoavariyalar hisoblanadi. 2017 yilda Amerikaning Yo‘l harakati xavfsizligi jamg‘armasi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, eng kam YTHlar 60-69 yoshdagi haydovchilar tomonidan sodir etilsa, 16-17 yoshdagi o‘smirlar eng ko‘p avtohalokatga sabab bo‘lishadi.

Voyaga yetmagan shaxslar ham qonunni buzgani uchun javobgarlikka tortiladi, bu esa ularning kelajagiga salbiy ta’sir qiladi. O‘zbekiston qonunchiligida voyaga yetmaganlar sodir etadigan jinoyatlarning o‘ziga xos xususiyatlari va boshqa holatlari e’tiborga olinib, alohida javobgarlik belgilangan. Jinoyat kodeksining 81-moddasiga ko‘ra, bular:

•    jarima
•    majburiy jamoat ishlari
•    axloq tuzatish ishlari
•    ozodlikni cheklash
•    ozodlikdan mahrum qilish.

Ular jinoyatning turi va xarakteriga qarab tayinlanadi hamda voyaga yetmaganlarga nisbatan jazoning boshqa turlari, qo‘shimcha jazolar tayinlanishi mumkin emas.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, maktab o‘quvchilari tomonidan mashina boshqarish nafaqat qonunbuzarlik, balki katta xavf tug‘diruvchi holatdir. Bu masalani hal qilishda jamiyatning barcha qatlamlari — huquqni muhofaza qilish organlari, maktablar, ota-onalar va yoshlarning o‘zlari birdek mas’ul. Faqatgina shunday yondashuv orqali xavfsizlikni ta’minlash va yoshlar hayotini asrash mumkin.

Iqbol Ergashova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

YTH Yo'l harakati qoidasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing