Navoiyda o‘quvchi mashinada YHXB inspektorini urib yubordi
3-sahifa
−
20 yanvar
6223Navoiy viloyatining Navoiy shahrida yo‘l-patrul xizmati inspektori Jasurjon Muhammadov xizmat olib borayotgan vaqtida mashina urib ketishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Fayozjon Qosimov QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
YTH kecha, 19 yanvar kuni tungi soat 1:45 da sodir bo‘lgan. YHXB inspektori Navoiy shahrining Islom Karimov ko‘chasida olib borayotgan xizmati vaqtida davlat raqamisiz, yo‘l harakati qoidalarini buzib harakatlangan Kia Sonet mashinasining haydovchisiga to‘xtash ishorasini qilgan. Haydovchi esa ishoraga bo‘ysunmasdan yo‘l harakati qoidasini buzgan holda qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan hamda inspektorni urib yuborgan. So‘ngra voqea joyidan qochib ketgan. Yo‘l-patrul xizmati inspektori esa voqea joyida vafot etgan.
Ma’lum qilinishicha, mashina boshqaruvida Navoiy shahridagi 8-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi, 2008 yilda tug‘ilgan S.M. bo‘lgan. Bolaning otasiga tegishli bo‘lgan ushbu avtomobil olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida yashirib qo‘yilgan joyidan topilgan va jarima maydoniga joylashtirilgan.
Ma’lumot uchun, YHXB inspektori marhum Jasurjon Muhammadov 1993 yilda tug‘ilgan, oilali, 2 nafar bolaning otasi.
“So‘nggi paytlarda haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan, hali transport vositasini boshqarish uchun tegishli ruxsatnomalari mavjud bo‘lmagan bolalar tomonidan ko‘plab ana shunday mudhish yo‘l-transport hodisalari sodir etilmoqda. Oqibatda qanchadan-qancha odamlar qurbon bo‘lyapti. Shu o‘rinda ota-onalardan farzandlariga e’tiborli bo‘lishlarini, ularga transport vositasini boshqarishni ishonib topshirmasliklarini so‘rab qolamiz”, deydi QALAMPIR.UZ bilan suhbatda bo‘lgan IIB matbuot kotibi.
Qayd etilishicha, hozirda mazkur YTH yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda.
LiveBarchasi