“Kiberhujumni biz emas, siz qilasiz” – Rossiya AQSHga javob qaytardi va do‘stona qo‘l uzatdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Rossiyaning AQSHdagi elchixonasi AQSH Davlat departamentining Moskvaning Ukrainaning muhim infratuzilmasiga kiberhujumlarga aloqadorligi haqidagi bayonotlarini absurd deb atadi. Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasi AQSH bilan axborot xavfsizligi bo‘yicha teng huquqli, professional va siyosiylashtirilmagan muloqotga tayyor ekanliginima’lum qildi. Bu haqda TASS yozmoqda. 

“Biz Davlat departamentining Rossiyaning Ukrainaning muhim infratuzilmasiga kiberhujumlarga aloqadorligi haqidagi bayonotiga e’tibor qaratdik. Bunday bayonotlar bema’ni va haqiqiy vaziyatdan uzoqda. Mamlakatimiz hech qachon kibertajovuz bilan shug‘ullanmagan. Bu Rossiyaning prinsipial pozitsiyasiga zid keladi”, deyiladi Rossiya diplomatik vakolatxonasi sharhida. 

Qayd etilishicha, rasmiy Moskva axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan faqat jahon hamjamiyatining rivojlanishi manfaati uchun foydalanish tarafdori. 

“Rossiya Federatsiyasi "axborot xavfsizligining keng ko‘lamli dolzarb masalalari bo‘yicha AQSH bilan teng huquqli, professional va siyosiylashtirilmagan muloqotga tayyor. Biz amaliy hamkorlik uchun kanallarni ochiq tutamiz. Amerikalik hamkasblarimiz bundan xabardor”, deyiladi elchixona bayonotida. 

Rossiyaning Vashingtondagi diplomatik missiyasi sharhida ta’kidlanishicha, Davlat departamenti Qo‘shma Shtatlar global kibertahdidlarning asosiy manbalaridan biri ekanligini tan olishni istamaydi. 

"Kompyuter hujumlarining aksariyati boshqa mamlakatlardagi, jumladan Rossiyadagi muhim infratuzilma ob’ektlariga aynan Amerika hududidan amalga oshiriladi. Birgina so‘nggi olti oy ichida bizning vakolatli bo‘limlarimiz Qo‘shma Shtatlar yurisdiksiyasidan zararli harakatlar haqida 500 ga yaqin xabarnomalar yubordi”, deyiladi sharhda. 

Rossiya elchixonasi amerikaliklarning so‘zsiz roziligi bilan Kiyev rejimi dunyoda 300 mingga yaqin askardan iborat birinchi kiber armiyani faol ravishda yaratayotganini eslatgan. 

“Vashington Rossiyadan xayoliy tahdid izlash o‘rniga, Rossiya Federatsiyasiga qarshi ochiqdan-ochiq kibersabotajni rejalashtirayotgan va amalga oshirayotgan Kiyevdagi o‘z palatalarini jilovlashi kerak. Ukraina xakerlari faqat bizning mamlakatimizga qarshi provokatsiyalar bilan cheklanib qolmay, G‘arb davlatlari infratuzilmasi kuchini sinab ko‘rishga urinishlari mutlaqo mumkin. Ular "soxta bayroq" deb ataladigan operatsiyalarni amalga oshiradilar”, deyiladi bayonotda. 

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi vaqtlarda AQSH va Yevropa mamlakatlari Rossiyani Ukrainaga qarshi kiberhujumda ayblamoqda. Kuni kecha Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel butun Hamjamiyat nomidan Kreml tomonidan urush boshlanishidan bir soat oldin Rossiyaning Ukrainaga qilgan kiberhujumini qoralaydigan deklaratsiya e’lon qilgan. 

Borrelning eslatishicha, kiberhujum Rossiyaning joriy yilning 24 fevralda Ukrainaga asossiz bostirib kirishidan bir soat oldin sodir bo‘lgan.

YeI vakiliga ko‘ra, kiberhujum Ukrainadagi bir qancha davlat idoralari, korxonalari va aloqa uzilishlariga sabab bo‘lgan, shuningdek Yevropa Ittifoqiga a’zo bir qancha davlatlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan.

Ukrainaga uyushtirilgan kiberhujum Germaniyadagi 5800 shamol turbinasini boshqaruvchi modemlarni yopib qo‘ygan, shuningdek Fransiya, Italiya, Vengriya, Gretsiya va Polshadagi ba’zi bir kompaniyalarning mijozlari zarar ko‘rgan. 

Borrelning fikricha, bundan keyingi Ukrainaga, jumladan, uning muhim infratuzilmasiga qaratilgan kiberhujumlar “boshqa mamlakatlarga ham tarqalishi va Yevropa fuqarolari xavfsizligiga tahdid soluvchi tizimli oqibatlarga olib kelishi” mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-AQSh

Baholaganlar

166

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing