XJS prokurori Myanma prezidentini hibsga olishga order so‘radi

Olam

image

Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud (XJC) prokurorlari Sudgacha bo‘lgan palatadan Myanma prezidenti vazifasini bajaruvchi, katta general Min Aun Xlaynni hibsga olishga order berishni so‘radi. Bu haqda sud prokurori Karim Xon bayonot berdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, keng qamrovli, mustaqil va xolis tergovdan so‘ng prokuratura Min Aun Xlaynni 2017 yil 25 avgustdan 2017 yil 31 dekabrgacha Myanma va Bangladeshning ayrim hududlarida rohinjalarni deportatsiya qilish va ta’qib qilish kabi “insoniyatga qarshi jinoyatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortishga asoslar bor” degan xulosaga kelgan.

“So‘rov guvohlarning ko‘rsatmalari, hujjatlar va tasdiqlangan ilmiy, foto va video materiallar kabi ko‘plab manbalardan olingan keng ko‘lamli dalillarga asoslanadi”, deya qo‘shimcha qildi Xon.

Bu Myanmadagi vaziyat bo‘yicha tergov doirasida XJS prokuraturasi chiqarmoqchi bo‘lgan birinchi hibsga olish orderidir. Biroq prokuror kelajakda yangi so‘rovlar kiritilishiga ishonch bildirdi.

Myanmadagi vaziyat 2017 yil avgust oyida 2013 yilda tuzilgan “Rohinjalarni qutqarish Arakan armiyasi” jangarilari Rakxayn shtatidagi 30 ta politsiya tayanch punktiga hujum uyushtirganidan so‘ng keskinlashgan.

Shundan so‘ng respublika xavfsizlik kuchlari mintaqada harbiy amaliyot boshladi. O‘tmishda Rakxaynda bir necha bor diniy nizolar avj olgan va bu rohinja musulmonlari va mahalliy buddistlar o‘rtasida to‘qnashuvlarga sabab bo‘lgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, zo‘ravonlikning yangi to‘lqini 400 dan ortiq odamning o‘limiga sabab bo‘lgan, BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 740 mingdan ortiq rohinjalar Bangladeshga qochib ketgan.

2019 yilning noyabr oyida Xalqaro Sud prokuraturasi Bangladesh va Myanmadagi rohinja xalqi bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha to‘liq tergov o‘tkazilishini ma’qulladi. Buning oldidan Myanma XJS a’zosi emasligi, Bangladesh esa XJS a’zosi ekani inobatga olinib, sud vaziyatga aralashish huquqiga egami yoki yo‘qmi degan uzun muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Oxir-oqibat, sud zaruriy yurisdiksiyaga ega degan xulosaga keldi.

Ma’lumot uchun, Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud 2023 yilda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni ham hibsga olish bo‘yicha xalqaro order bergan edi. Joriy yil noyabr oyida esa XJS Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va mamlakatning sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga order berdi. 


Maqola muallifi

Teglar

M'yanma Xalqaro jinoiy sud Min Aun Xlayn

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing