Xitoy Netanyaxuni hibsga olishga order berish qarorini qo‘llab-quvvatladi
Olam
−
22 noyabr
4199Xitoy G‘azo sektorida sodir etilgan harbiy jinoyatlar sabab Xalqaro jinoiy sudning Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga order berish haqidagi qarorini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi voizi Lin Syan Pekinda o‘tkazilgan kundalik matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Pekin har doim Falastin masalasida adolat va xalqaro huquq tarafdori.
“Xitoy xalqaro hamjamiyatning Falastin masalasida adolatga erishish va xalqaro huquq nufuzini himoya qilishga hissa qo‘shadigan barcha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi”, deydi Lin Syan.
TIV rasmiysining ta’kidlashicha, G‘azoda mojaro va misli ko‘rilmagan gumanitar inqiroz hali ham davom etmoqda. Linning qo‘shimcha qilishicha, eng muhim ustuvor vazifa zudlik bilan so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatishga erishish va gumanitar inqirozni yumshatish choralarini ko‘rishdir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy tinch aholiga qarshi qonunni, jumladan, xalqaro gumanitar huquqni buzadigan barcha harakatlarni qoralaydi.
“Umid qilamizki, Xalqaro jinoiy sud ob’ektiv va adolatli pozitsiyani egallaydi, qonunga muvofiq o‘z burchini bajaradi va Rim statutini va xalqaro huquqni yagona standartlarga muvofiq vijdonan va bir xilda qo‘llaydi”, deya qo‘shimcha qildi diplomat.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro jinoiy sud Binyamin Netanyaxu va Yoav Galantga nisbatan G‘azo sektoridagi ehtimoliy harbiy jinoyatlar uchun hibsga olish orderlari chiqargan edi. Sud orderlarni berishda Isroilning yurisdiksiyaga qarshi dalillarini rad etgan. Shundan so‘ng bir qator mamlakatlar, xususan, Buyuk Britaniya, Kanada va Niderlandiya agar Binyamin Netanyaxu mamlakat hududiga kelsa, uni Xalqaro jinoiy sud orderi bo‘yicha hibsga olishini bildirgan. AQSH esa XJS qarorini qoralagan. Kreml voizi Dmitriy Peskov esa XJS harakati biror narsaga yordam berishi dargumon ekanini aytdi.
LiveBarchasi