Netanyaxu O‘zbekistonga kelsa, hibsga olinadimi?
Jamiyat
−
13:08
1163921 noyabr kuni Xalqaro jinoiy sudning (XJS) sudgacha bo‘lgan palatasi Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va mamlakatning sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga order bergan edi.
Qaror 2023 yil 8 oktyabrdan 2024 yil 20 maygacha sodir etilgan “insoniyatga qarshi jinoyatlar va urush jinoyatlari” tufayli qabul qilingan.
Shundan so‘ng, ko‘plab davlatlar mazkur orderni qo‘llab-quvvatlashini e’lon qila boshladi. Masalan, birinchilardan bo‘lib Kanada va Buyuk Britaniya ham Netanyaxuni hibsga olishga tayyorligini ma’lum qildi. Shuningdek, Niderlandiya ham agar Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mamlakat hududiga borsa, uni Xalqaro jinoiy sudning (XJS) orderi bo‘yicha hibsga oladi. Hatto Xitoy G‘azo sektorida sodir etilgan harbiy jinoyatlar sabab Xalqaro jinoiy sudning Netanyaxu va Galantni hibsga olishga order berish haqidagi qarorini qo‘llab-quvvatladi.
Xo‘sh, O‘zbekiston-chi? Mamlakat bu vaziyatda qanday yo‘l tutadi? Netanyaxuni hibsga ololadimi? QALAMPIR.UZ’ning Tashqi ishlar vazirligidagi manbasiga ko‘ra, O‘zbekiston Netanyaxuni hibsga ololmaydi.
“O‘zbekiston Respublikasi Xalqaro jinoiy sudning qarorlarini bajarishni o‘z zimmasiga olmagan. Bu to‘g‘risidagi tegishli hujjatlarni ratifikatsiya qilmagan. Shundan kelib chiqsak, Xalqaro jinoiy sud tomonidan berilgan qamash, hibsga olish bo‘yicha qanaqadir orderlarni bajarish bo‘yicha O‘zbekistonda hech qanday majburiyat yo‘q”, dedi Tashqi ishlar vazirligi vakili.
Ammo O‘zbekiston Yaqin Sharqda urushlar to‘xtamagunicha Netanyaxuni mamlakatga tashrifini kutayotgani yo‘q.
Ma’lumot uchun, Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud 2023 yilda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni ham hibsga olish bo‘yicha xalqaro order bergan edi. O‘zbekiston esa, yuqorida aytilganidek, Rim statutini ratifikatsiya qilmagan va shuning uchun XJS qarorlarini bajarish majburiyatini olmagan. Shuning uchun Putin joriy yil may oyida O‘zbekistonda mehmon bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Jo Bayden Xalqaro jinoiy sudning Binyamin Netanyaxu va Yoav Galantni hibsga olish uchun order berganini “g‘azabnok” deb atagani, Rossiya esa XJS harakati biror narsaga yordam berishi dargumonligi va Moskva uchun ushbu qarorlar ahamiyatsiz ekanini ma’lum qilgan edi.
LiveBarchasi