Kanada va Buyuk Britaniya ham Netanyaxuni hibsga olishga tayyorligini bildirdi
Olam
−
22 noyabr
4554Buyuk Britaniyaning Leyboristlar hukumati Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va ushbu davlatning sobiq mudofaa vaziri Yoav Galant mamlakatga kelgan taqdirda ularni Xalqaro jinoiy sud (XJS) tomonidan chiqarilgan order doirasida hibsga olishga tayyor. Bu haqda Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer idorasi vakiliga tayanib, “The Times” nashri xabar berdi.
“Hukumat o‘zining huquqiy majburiyatlariga rioya qiladi”, deydi manba.
Shuningdek, Kanada ham XJS tomonidan Binyamin Netanyaxu va Yoav Galantning hibsga olinishi bo‘yicha chiqarilgan orderni bajarishini tasdiqladi. Agar ular Kanada hududiga tashrif buyursa, order ijro etiladi. Bu haqda Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo ma’lum qildi.
Tryudoga ko‘ra, Kanada xalqaro sudlarning barcha ko‘rsatma va qarorlarini bajarishni majburiyat deb biladi.
“Biz xalqaro sudlarning barcha buyruq va qarorlarini bajaramiz”, dedi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro jinoiy sud Binyamin Netanyaxu va Yoav Galantga nisbatan G‘azo sektoridagi ehtimoliy harbiy jinoyatlar uchun hibsga olish orderlari chiqargan edi. Shundan so‘ng, Niderlandiya agar Binyamin Netanyaxu mamlakat hududiga kelsa, uni Xalqaro jinoiy sud orderi bo‘yicha hibsga olishini bildirgan.