XVJ Ukrainaga qarib $700 mln kredit ajratdi
Olam
−
10:53 915 2 daqiqa
Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) Ukrainaga kengaytirilgan kreditlash mexanizmi doirasida 690 million AQSH dollari miqdoridagi navbatdagi kredit paketini tasdiqladi. Bu haqda jamg‘arma matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mablag‘ Ukraina uchun mo‘ljallangan 8,1 milliard AQSH dollarilik to‘rt yillik Kengaytirilgan moliyalashtirish dasturi doirasida ajratilmoqda. XVJ Ijroiya kengashi 48 oylik dastur bo‘yicha birinchi ko‘rib chiqish jarayonini yakunlagach, 690 million AQSH dollarilik navbatdagi mablag‘ni zudlik bilan ajratishga ruxsat bergan. Shu tariqa, mazkur dastur doirasida Ukrainaga ajratilgan mablag‘larning umumiy hajmi 2,2 milliard AQSH dollariga yetgan.
XVJ bayonotiga ko‘ra, Ukraina mart oyi oxiriga qadar belgilangan barcha asosiy miqdoriy ko‘rsatkichlarni bajargan. Biroq ayrim tarkibiy islohotlarni amalga oshirish jarayoni kechikkan.
Jamg‘arma ma’lumotiga ko‘ra, dastur doirasidagi majburiyatlar davlat moliyasi, davlat boshqaruvi, korrupsiyaga qarshi kurash, energetika va moliya sohalaridagi islohotlarni qamrab oladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, navbatdagi ajratilgan pul Ukraina dasturdagi muhim shartlardan birini o‘z vaqtida bajarmaganiga qaramay tasdiqlangan. Xususan, Kiyev 45 yevrodan qimmat xalqaro posilkalar uchun bojxona va QQS imtiyozlarini bekor qilish haqidagi qonunni belgilangan muddatda qabul qila olmagan. XVJ ushbu talabni iyul oyiga qoldirgan. Shuningdek, Ukraina chet eldan keladigan ayrim posilkalar uchun amaldagi soliq imtiyozlarini bekor qilish va kompaniyalarning soliqlardan bo‘yin tovlashiga qarshi choralarni kuchaytirish majburiyatini olgan.
XVJ boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva Ukraina Rossiya bilan davom etayotgan urush sharoitida ham iqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni saqlab qolayotganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro hamkorlarning ko‘magi va hukumat yuritayotgan siyosat mamlakat iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlashda muhim rol o‘ynamoqda.
Ma’lumot uchun, Ukraina hukumati va XVJ ishchi guruhi mazkur transh bo‘yicha kelishuvga joriy yilning 12 iyun kuni erishgan. O‘shanda XVJning Ukrainadagi missiyasi rahbari Gevin Grey mamlakat barcha asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlarni bajargani, ammo tarkibiy islohotlar sur’ati sekinlashganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NATO davlatlari 2026 yil yakuniga qadar Ukrainaga harbiy texnika yetkazib berish va harbiylarni tayyorlash uchun 70 milliard AQSH dollari ajratishga va’da bergan edi.
Live
Barchasi