Xushxabar! Koronavirusdan to‘liq tuzalganlar 500 nafardan oshdi – SSV

Jamiyat

image

Bugun, 23 aprel kuni Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida ham koronavirus infeksiyasiga chalingan navbatdagi 8 nafar bemor butkul sog‘aydi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullar ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi. Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar berdi.

Sog‘ayganlarning 5 nafari Toshkent shahridan, 2 nafari Toshkent viloyatidan va 1 nafari Farg‘ona viloyatidan. Ulardan 1 nafari BAAning  Dubay shahridan kelgan. Qolgan 7 nafari koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan. Bemorlardan 2 nafari erkak, 6 nafari ayollardir. Ular orasida eng yoshi kattasi 66 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 13 yoshda.

Ushbu klinikada shu paytga qadar 50 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 58 nafarga yetdi. Bunda, shubhasiz, respublika  Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan fidoyi tibbiyot xodimlarining alohida hissasi bor.

Shunday qilib, so‘nggi uch kun davomida sog‘ayganlar jami 242 nafarga yetdi va ayni paytda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘aygan bemorlar 503 nafarni tashkil etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha virus yuqtirganlar 1716 nafarni tashkil qilyapti. Bugungacha bemorlarning 7 nafari vafot etgan.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang,  #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

113

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing