Xurshid Usmonov Qamashi tumaniga hokim bo‘ldi

Jamiyat

image

Xurshid Abdukarimovich Usmonov Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bugun, 18 avgust kuni Xalq deputatlari Qamashi tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgan. Unda tashkiliy masala ko‘rib chiqilgan. Xususan, sessiya davomida deputatlar Xurshid Usmonovni Qamashi tumani hokimi lavozimiga tasdiqlagan. 

Usmonov 1979 yil Kasbi tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. Toshkent davlat texnika universitetining bakalavriat va magistraturasini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan.

U tayinlovga qadar viloyat "Qashqadaryo suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori lavozimida ishlayotgan edi.

Ma’lumot uchun, 2020 yilning oktyabr oyidan joriy yilning 31 iyuliga qadar Tog‘ayev Botir Normahmadovich Qamashi tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan. U Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlanishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilgan. Tog‘ayev 2020 yilgacha Vazirlar Mahkamasi Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari kotibiyat mudiri lavozimida samarali faoliyat olib borgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Ismoilovich Jabborov Samarqand viloyatining Payariq tumani hokimi lavozimiga tayinlangan edi. Shuningdek, Toshkent viloyatining Qibray va Yangiyo‘l tumanlariga ham yangi hokim tayinlangani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qamashi Qashqadaryo tayinlov Xurshid Usmonov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing