XTV maktab ta’tillarini o‘zgartirish haqidagi taklifga javob qaytardi
Jamiyat
−
11 dekabr 2020
16774O‘zbekistonda maktab o‘quvchilarining kuz-qish mavsumi davrida o‘quv mashg‘ulotlariga qatnashidagi qator noqulayliklar, maktablar masofasining uzoq radiusda joylashgani, ichki yo‘llardagi holat va boshqa qator sabablar tufayli maktablarda beriladigan ta’tillar davriga o‘zgartirish kiritish taklifi berilgani xabar qilingandi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi mazkur takliflar yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi va maktab ta’tillari muddati o‘zgartirilmasligini ma’lum qildi.
“Hurmatli OAV vakillari, aziz ota-onalar shu kunlarda maktablarda uchta ta’til o‘rniga uzaytirilgan qishki ta’tilni joriy etilayotgani, birinchi va so‘nggi qo‘ng‘iroq kunlari o‘zgarayotgani yuzasidan ko‘plab savollar kelib tushmoqda.
Dastavval taklif Xalq ta’limi vazirligi tomonidan bildirilmaganini ma’lum qilamiz. Aytish joizki, maktab ta’tillarini o‘zgartirish bo‘yicha takliflar avval ham bildirilgan. Biroq, amaldagi davlat ta’lim standartlari o‘quvchilarning o‘zlashtirish imkoniyati va psixologiyasiga moslashtirilgan holda ishlab chiqilgani sababli ular qabul qilinmagan. Uzluksiz 4-5 oy davomida ta’lim olish, ya’ni qaysidir ta’tilni bekor qilish evaziga boshqasining uzaytirilishi o‘quvchilarning dars mashg‘ulotlarini o‘zlashtirishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini qayd etmoqchimiz”, deydi XTV Matbuot kotibi Laylo Rustamova.
Qayd etilishicha, amaldagi davlat ta’lim standartlariga muvofiq, o‘quv yili 2 sentyabrdan 25 mayga qadar davom etadi. O‘quv yili 34 haftadan iborat, 4 ta chorakka bo‘lingan. O‘quvchilarning ta’til vaqtlari, dars mashg‘ulotlari davomiyligi amaldagi sanitariya me’yorlari asosida Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida belgilab qo‘yilgan Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
“Ta’til vaqtlarini o‘zgartirish yuzasidan bildirilayotgan takliflarga javoban maktablarni isitishdan ko‘ra, sovitishga ko‘proq energiya resurslari talab etilishini qayd etib o‘tmoqchimiz”, deya taklif qabul qilinmaganini ta’kidladi Rustamova.
Avvalroq, joriy yilda umumta’lim maktablarida qishki ta’til odatdagidek 27 dekabrdan emas, barvaqtroq boshlanishi haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi