XTV 1-sinf o‘quvchilariga “Prezident sovg‘asi” qay tartibda topshirilishini ma’lum qildi
Jamiyat
−
09 Sentabr 2020
13271O‘zbekistonda 1-sinfga borayotgan bolajonlarga Prezident sovg‘asi sifatida bir yilga yetadigan o‘quv-qurollar berilishi an’anaga aylangan. Ammo bu yil pandemiya sabab maktablar odatdagidan kechroq va aralash shaklda ochilyapti. Ammo bu “Prezident sovg‘asi” berilmaydi degani emas.
Xalq ta’limi vazirligi pandemiya vaqtida 1-sinfda o‘qishni boshlayotgan bolalarga “Prezident sovg‘asi” qanday yetkazilishini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, sovg‘alar maktab ma’muriyati tomonidan bosqichma-bosqich tarqatilishi mumkin.
“Maktabda o‘quvchilar va ota-onalarning to‘planib qolishlarning oldini olish maqsadida maktab ma’muriyati “Prezident sovg‘alari”ni tarqatishni bosqichma-bosqich tashkil etishi mumkin. Aniqroq qilib aytiladigan bo‘lsa “Prezident sovg‘alari” aynan 14 sentyabr kuni emas, vaziyatga qarab, ba’zi maktablar kechroq ochilsa kechroq topshirilishi mumkin.
Ushbu jarayonda maktab ma’muriyatlari va ota-onalardan o‘zaro hamkorlikda kasallik tarqalishining oldini olish choralarini ko‘rish so‘raladi.
Hurmatli ota-onalar!
“Prezident sovg‘asi” hozirlanayotganda har bir 1-sinf o‘quvchisi hisobga olingan, shu sababli hech bir bola “Prezident sovg‘asi”siz qolmaydi. Havotirga o‘rin yo‘q, sizdan faqat karantin talablariga rioya qilgan holda sovg‘ani qabul qilib olish so‘raladi”, deyilgan XTV xabarida.
1-sinf o‘quvchilariga beriladigan “Prezident sovg‘asi” tarkibidan 12 turdagi o‘quv qurollari, jumladan portfel, daftarlar, rasm daftari, akvarel bo‘yoqlari, rangli qog‘oz, qalamdon, sharikli ruchka, rangli va oddiy qalamlar, plastilin, yelim va o‘chirg‘ich o‘rin olgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 sentyabr kuni 6 oylik tanaffusdan keyin respublika bo‘ylab 329 ta maktabda o‘qish boshlandi.
Avvalroq, Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov hududlarda maktablarni ochish Xalq deputatlari kengashlari qaroriga bog‘liq ekanini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi