Xorvatiyadagi maktabda o‘qituvchi va o‘quvchilar pichoqlandi. Qurbon bor
Olam
−
20 dekabr
2613Bugun, 20 dekabr kuni ertalab Xorvatiya poytaxti Zagreb shahrining Prechko tumanidagi umumta’lim maktablaridan birida o‘qituvchi va o‘quvchilar pichoqlandi. Yetti kishi jarohat oldi, bir o‘quvchi halok bo‘ldi. Bu haqda HRT xabar berdi.
“Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘smir o‘qituvchi va olti nafar o‘quvchini pichoq bilan jarohatlagan, ulardan biri halok bo‘lgan. Gumonlanuvchi o‘ziga ham zarar yetkazgan bo‘lishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Xorvatiya Ichki ishlar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda voqea haqida mahalliy vaqt bilan soat 9:50 da xabar berib, gumonlanuvchining qo‘lga olinganini tasdiqlagan. Biroq uning yoshi va jabrlanganlar soni haqida ma’lumot bermagan.
Xorvatiya Bosh vaziri Andrey Plenkovich jabrlanganlarga hamdardlik bildirgan, Ichki ishlar vaziri Davor Bojinovich esa voqea joyiga chiqqan.
“Hozirgi vaqtda jarohatlangan besh kishining hayoti xavf ostida emas, favqulodda xizmatlar hanuzgacha voqea joyida ishlamoqda. Halok bo‘lgan bola 7 yoshda edi”, dedi vazir.
HINA xabariga ko‘ra, jarohatlanganlar orasida maktab o‘qituvchisi ham bor. U og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan va yashash uchun kurashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Viskonsin shtati Medison shahrida xususiy maktabda otishma yuz bergan edi. Qurolli hujum oqibatida uch kishi halok bo‘lgan, yana yetti kishi hayot uchun xavfli bo‘lgan jarohatlar olgan.
LiveBarchasi