Xorvatiya Prezidenti Isroilning yangi elchisini rad etdi
Olam
−
13:12 2600 2 daqiqa
Xorvatiya Prezidenti Zoran Milanovich amaldagi Isroil hukumatining siyosati sababli Isroilning Zagrebga tayinlagan yangi elchisini tasdiqlamasligini ma’lum qildi. Bu haqda kecha, 18 may kuni Prezident matbuot xizmati o‘z bayonotida ma’lum qildi.
“Isroil davlati tomonidan taklif etilgan elchi respublika prezidenti Zoran Milanovichning roziligini olmagan va olmaydi ham”, deyilgan bayonotda.
Milanovich Isroil davlatining yangi elchisi lavozimiga nomzodni rasman tasdiqlamasdan turib, Isroil tomoni uni ommaga elchi sifatida e’lon qilib, “yozilmagan diplomatik qoida”ni buzganini ta’kidlagan.
Isroil Tashqi ishlar vazirligining bayonotida aytilishicha, ular Xorvatiya tomoni bilan Zagrebdagi keyingi Isroil elchisining maqomi masalasini hal qilish ustida ish olib bormoqda.
Yangi elchi sifatida Nissan Amdur tayinlanishi rejalashtirilgan edi. Isroilning Ynet nashri ma’lumotiga ko‘ra, Amdur endi Xorvatiyaga vaqtinchalik vakolatli vakil (Chargé d’affaires) sifatida yuborilishi mumkin. Bu lavozim uchun prezident tasdig‘i talab etilmaydi.
Xabarlarga ko‘ra, bu Xorvatiya tarixida prezident birinchi marta elchi nomzodini rad etgan holat hisoblanadi. Milanovich esa, elchilarni tasdiqlash yoki rad etish prezidentning suveren huquqi ekanini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Xorvatiya va Isroil o‘rtasidagi munosabatlar G‘azodagi harbiy harakatlar va Yaqin Sharqdagi vaziyat sababli taranglashib kelmoqda. Joriy yilning Fevral oyida Milanovich Xorvatiya harbiylari Isroil armiyasi bilan hamkorlik qilmasligini e’lon qilgan edi. Bu qarorni u xalqaro gumanitar huquqning “qabul qilib bo‘lmaydigan darajada buzilishi” bilan izohlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari G‘arbiy Sohilda falastinliklarga qarshi zo‘ravonliklarda ayblanayotgan Isroil harbiylariga qarshi sanksiyalarni rasman tasdiqlagan edi.
Live
Barchasi