Xorijdan o‘qishni “perevod” qilish uchun o‘tish bali belgilandi
Jamiyat
−
27 iyul 2021 24799 2 daqiqa
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimidagi 53 ta Oliy ta’lim muassasisiga (OTM) xorijdan yoki O‘zbekistondagi nodavlat OTMlardan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha o‘tish bali 66,1 ball etib belgilandi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2021/2022 o‘quv yili uchun xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimidagi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha 2020/2021 o‘quv yili uchun tasdiqlangan fanlar majmuasiga muvofiq 2 ta fandan o‘tkaziladigan maxsus sinovlar (test, kasbiy (ijodiy) imtihon) natijalariga ko‘ra o‘tish bali to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal — 189 ballning 35 foizi (66,1ball) etib belgilangan.
“Bu yil o‘tgan yillardagidan farqli ravishda imtihonni DTM oladi. Bu OTMlarga hujjat topshirib, DTM imtihoni asosida talaba bo‘lgan abituriyentlarga nisbatan adolatni ta’minlash uchun qilindi. Shuningdek, imtihonda o‘tish ballini to‘plolmaganlar tabaqalashtirilgan kontrakt asosida o‘qishi mumkin”, deydi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov.

Abduvali Xoliqovning ta’kidlashicha, boshqa vazirliklar tasarrufidagi OMTlar uchun o‘tish ballarini o‘sha vazirliklar o‘zi tasdiqlaydi. Masalan, tibbiyot OTMlari uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘tish balini belgilaydi.
Bundan tashqari, vazirlik vakili ushbu 66,1 ball doim bir xil holda saqlanib qolmasligini ma’lum qildi.
“O‘qishni ko‘chirishda 1 yil oldingi kirish imtihonlaridagi maksimal ball asos qilib olinadi. Belgilangan bu o‘tish balli keyingi yillarda ham bir yil oldingi ballga qarab belgilanadi va o‘zgarishi mumkin”, deydi Xoliqov.
Live
Barchasi