Xorijdagi o‘zbekistonlik sayyohlar himoyasi kuchaytiriladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda xorijiy davlatlarga sayohat qiluvchi fuqarolarni himoya qilish maqsadida “Xavfsiz turizm” jamg‘armasini tashkil etish taklif qilinmoqda. Bu haqda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joylashtirilgan Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijiy mamlakatlarga sayohatlarini tartibga solish va chiqish turizmi sohasida ularning huquqlarini kafolatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaror loyihasida keltirilgan.

Loyihaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan “Xavfsiz turizm” jamg‘armasi tashkil etiladi. Jamg‘arma mablag‘lari xorijda muammoga duch kelgan O‘zbekiston fuqarolariga yordam ko‘rsatish, jumladan, ularni vaqtincha joylashtirish, oziq-ovqat, transport, aloqa, evakuatsiya va repatriatsiya xarajatlarini qoplashga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, chiqish turizmi sohasida ishlovchi turoperatorlar litsenziya olishda jamg‘armaga kamida 50 ming AQSH dollari ekvivalentida zaxira mablag‘i kiritishi belgilanmoqda.

Loyihada har bir sotilgan turistik mahsulot bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining 0,15 baravari miqdorida maqsadli kafolat yig‘imi undirish ham nazarda tutilgan. Ushbu mablag‘lar turistlarni himoya qilish va favqulodda vaziyatlarda zarur xarajatlarni qoplash uchun ishlatiladi.

Hujjatda, shuningdek, xorijga chiquvchi har bir turist uchun maxsus turistik kod joriy etish taklif qilingan. U orqali sayohat, turoperator, sug‘urta va favqulodda holatlarda bog‘lanish ma’lumotlari yagona tizimda saqlanadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing