Xorijdagi o‘zbekistonlik mahkumlar mamlakatga qaytarilishi mumkin. Rossiyadagilar hammi?

Tahlil

image

O‘zbekiston qonunchiligida yangilik – endilikda ayrim xorijiy mamlakatlarda jinoyat sodir etib, qamalgan o‘zbekistonliklar jazoni O‘zbekistonning o‘zidagi jazoni ijro etish muassasalarida o‘tashlari mumkin.

13 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. 

Mazkur qonun loyihasiga ko‘ra, Jinoyat-protsessual kodeksida xorijiy hamkorlikning quyidagi tartiblari belgilanmoqda:

  • xorijiy davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish haqida Bosh prokuror yoki uning o‘rinbosari tomonidan Oliy sudga iltimosnoma kiritilishi;
  • iltimosnoma ozodlikdan mahrum etilgan yoki tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilgan shaxsning doimiy yashash joyi bo‘yicha, doimiy yashash joyi bo‘lmaganda esa, O‘zbekiston hududida oxirgi ro‘yxatga olingan joyi bo‘yicha jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudi tomonidan ko‘rib chiqilishi;
  • mahkum va tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llangan shaxsni berish va qabul qilishga ularning qonuniy vakili yoki yaqin qarindoshining arizasiga, shuningdek, Bosh prokuratura yoki xorijiy davlat vakolatli organining iltimosnomasiga binoan berilayotgan shaxs yoxud uning qonuniy vakilining roziligi bilan yo‘l qo‘yilishi;  
  • mahkum va tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llangan shaxsni berish Bosh prokuror yoki uning o‘rinbosarining qarori, ularni qabul qilish esa, sudning ajrimiga asosan amalga oshirilishi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi. Ammo bu Rossiyadagi o‘zbekistonlik mahkumlar ham O‘zbekistonga qaytarilishini anglatmaydi.

Majlisda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston hozircha faqat 10 ta xorijiy davlatlar bilan ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni jazoni o‘tashni davom ettirish hamda ruhiy kasallikka chalingan shaxslarni majburiy davolashni davom ettirish uchun o‘zaro topshirish borasida kelishuvlar imzolagan.

Ular – Italiya, Turkiya, Gruziya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Eron, Birlashgan Arab Amirliklari, Latviya, Turkmaniston, Ukraina. 

Qonun tashabbuskorlaridan biri bo‘lgan, “Milliy tiklanish” partiyasi deputati Sherzod To‘xtashevning QALAMPIR.UZ’ga tushuntirishicha, bu qonunning  Rossiyadagi o‘zbekistonlik mahkumlarga aloqasi yo‘q.

“Haqiqatdan ham buni ko‘pchilik Rossiyadagi mahkumlarga tegishli deb o‘ylayapti. Afsuski, hozirda O‘zbekistonning Rossiya bilan mahkumlarning jazoni o‘z mamlakatida davom ettirish haqida ikki tomonlama shartnoma yo‘q. Biz bunday shartnomani faqat 10 ta davlat bilan tuzganmiz. Agar Rossiya bilan ham qo‘shma shartnoma tuziladigan bo‘lsa, biz tuzgan tartib bo‘yicha almashinuv amalga oshirilaveradi”, dedi u.

Shuningdek, u Rossiya qamoqxonalaridagi yaqinlarini O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha deputatlarga ko‘p murojaatlar kelishini ham yashirib o‘tirmadi.

“Bizga farzandini, yaqinini Rossiyadagi qamoqxonalardan O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha murojaatlar kelib turadi. Rossiya bilan mahkumlarni almashish bo‘yicha shartnoma yo‘qligi sabab hamma ojiz qolyapti”, dedi “Milliy tiklanish” partiyasi deputati.

Oliy Majlis Qonunchilik Palatasining ochiqlashicha, hozirgi kunda O‘zbekistonning Italiyada 20 nafar, Turkiyada 250 dan, Qozog‘istonda 450 dan ortiq fuqarosi jazoni ijro etish muassasalarida ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni o‘tamoqda.

Ammo Rossiyadagi o‘zbekistonlik mahkumlar soni haqida O‘zbekistonning tegishli davlat idoralarida ma’lumot mavjud emas. Masalan, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligidagi manbaning QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, agentlikning Rossiya qamoqxonalariga ta’sir qilish vakolati yo‘q. Shu sababli qamoqxonalarda saqlanayotgan o‘zbekistonliklarning aniq sonini aniqlash ham imkonsiz.

“Ancha yillardan beri Rossiya bu haqdagi ma’lumotlarni ochiqlamaydi”, dedi u.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Axborot xizmati ham Rossiyaning jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan O‘zbekiston fuqarolari soni bo‘yicha ma’lumotlar mavjud emasligini bildirdi.

Darhaqiqat, Rossiyada jinoyat sodir etib qamalgan boshqa mamlakat fuqarolari haqidagi ma’lumotlar oxirgi marta 2017 yilda ochiqlangan. Unga ko‘ra, o‘zbekistonliklar Rossiyadagi mahkumlar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turgan. 2017 yilning faqat yarmigacha 6362 o‘zbekistonlik qamoqqa tashlangan.  Rossiyadagi mahkumlar soni bo‘yicha esa Tojikiston birinchi o‘rinda turadi. 2017 yilning olti oylik ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya qamoqxonalarida ushbu mamlakatning 8002 nafar fuqarosi jazoni o‘tagan.  Keyingi o‘rinlarda ukrainaliklar – 4761 kishi va ozarbayjonlar – 2350 kishi.

“Vatandosh” mintaqalararo o‘zbeklar jamiyatining yaqindagina qamoqqa olingan rahbari Usmon Baratovga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari Rossiyada haqiqatdan ham tez-tez jinoyat sodir etadi. Biroq ko‘plab o‘zbeklar shunchaki tuhmat qurboni bo‘lishlari ham mumkin.

Hulkar Murtazoyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Rossiya O'zbekiston Oliy Majlis

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made