Rossiya armiyasi Putin farmonidan keyin dunyodagi ikkinchi yirik armiyaga aylanadi
Olam
−
16 Sentabr
18407Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qurolli Kuchlar shtat sonini 2 million 389 ming kishiga oshirish haqidagi farmonni imzoladi. Ulardan 1,5 millionini harbiy xizmatchilar tashkil etadi. Farmon 2024 yil 1 dekabrdan kuchga kiradi.
Harbiy xizmatchilar soni 180 ming kishiga oshdi. Oxirgi marta Prezident 2023 yil dekabrida armiya sonini 170 ming kishiga oshirib, 2 million 209 ming nafarga yetkazgan edi.
Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda Rossiya Qurolli Kuchlarida ikkita armiya va 50 ta yangi tuzilma tuzilgan. Putinning aytishicha, o‘tgan yil oxirida armiyaga qurol yetkazib berish 2022 yilga nisbatan uch barobarga oshgan. U qurolli kuchlarni mustahkamlash davom etishiga va’da berdi.
Putinning farmonidan keyin Rossiya armiyasi askarlar soni bo‘yicha dunyoda ikkinchi bo‘ladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda harbiy xizmatchilar soni bo‘yicha yetakchi uch davlat Xitoy (2 035 000), Hindiston (1 445 550) va AQSH (1 328 000) hisoblanadi. Putinning farmonidan keyin Rossiya armiyasi harbiy xizmatchilar soni bo‘yicha Hindiston va AQSH Qurolli kuchlaridan o‘zib ketadi.
Rossiya Mudofaa vazirligi jangovar tarkib sonining oshirilishini “NATO blokining tajovuzkor faoliyati”ga munosabat deb atadi va bu shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchilar hisobiga bosqichma-bosqich amalga oshirilishini, safarbarlik rejasi yo‘qligini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, Rossiya armiyasining shtat soni 2023 yil dekabr oyida 2 209 130 kishiga, shu jumladan 1 320 000 nafar harbiy xizmatchiga ko‘paytirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Germaniya Federal kansleri Olaf Shols bilan uchrashuvda Rossiyani harbiy jihatdan yengilmas deb atagan edi.
LiveBarchasi