Xorijda o‘qiyotgan afg‘onistonlik ayollar deportatsiya qilinishi mumkin
Olam
−
08 mart
5525AQSH tomonidan moliyalashtirilgan stipendiya dasturi bo‘yicha Ummonda tahsil olayotgan 80 dan ortiq afg‘on ayoli Tramp ma’muriyatining tashqi yordam dasturlarini muzlatib qo‘ygani ortidan Afg‘onistonga deportatsiya qilinishi kutilmoqda. Bu haqda Amu TV xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, “Tolibon” hokimiyatga kelgunga qadar AQSH Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) tomonidan afg‘onistonlik ayollarning o‘qishi uchun moliyalashtirilgan stipendiyalar Oq uy rahbari Donald Tramp joriy yilning yanvar oyida moliyalashtirishni muzlatish to‘g‘risida buyruq berganidan so‘ng to‘satdan to‘xtatilgan. Shuningdek, 82 nafar afg‘onistonlik talaba qizlarning elektron pochtasiga xabar yuborilib, unda Afg‘onistonga qaytib borish tartibi haqida batafsil ma’lumot berilgan, bu esa talabalar orasida vahima uyg‘otgan.
“Bu yurakni ezadi. Hamma hayratda qoldi va yig‘ladi. Bizni ikki hafta ichida qaytarib yuborishlarini aytishdi. Biz zudlik bilan himoyaga, moliyaviy yordamga va ta’limimizni davom ettirishimiz mumkin bo‘lgan xavfsiz mamlakatga ko‘chirish yordamiga muhtojmiz”, deydi talabalardan biri.
Shuningdek, talabalar ularni deportatsiya qilishga hozirdanoq tayyorgarlik ko‘rilayotganini aytib, xalqaro hamjamiyatni bu ishga aralashishga chaqirgan.
“Asosan 20 yoshlardagi ayollar 2021 yilda, “Tolibon” hokimiyatni egallashidan oldin stipendiya olish huquqini qo‘lga kiritgan. Ko‘pchilik Afg‘oniston universitetlarida o‘qishni 2022 yilning dekabrigacha, “Tolibon” ayollar uchun oliy ma’lumotni taqiqlagan paytgacha davom ettirgan. Ular 2024 yilning sentyabr oyida Pokistonga qochib ketdi. Shundan so‘ng USAID ularning Ummonga vizalarini rasmiylashtirdi. AQSHning ko‘mak mablag‘lari minglab afg‘on ayollariga xorijda o‘qish yoki o‘qishni onlayn davom ettirish imkonini bergan edi, biroq hozirda bu dasturlarning aksariyati to‘xtatilgan”, deyiladi xabarda.
“Agar bizni qaytarib yuborishsa, jiddiy muammolarga duch kelamiz. Bu bizning barcha orzularimizni yo‘qotishni anglatadi. Biz o‘qiy olmaymiz va ko‘pchiligimiz o‘tmishdagi aloqalarimiz va faolligimiz tufayli shaxsiy xavf ostida bo‘lishimiz mumkin”, deydi talaba qizlardan biri.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistondagi “Tolibon” hukumati ayollarga jamoat namozlarini ado etish uchun masjidlarga borishni taqiqlagani haqida xabar berilgan edi.
Bunyod Keldiboyev
LiveBarchasi