Xorijda koronavirusga test topshirganlarning natijasi O‘zbekistonda inobatga olinadimi?

Jamiyat

image

Xorijda koronavirusni aniqlash uchun test topshirib O‘zbekistonga kelgan fuqarolarning natijalari inobatga olinmaydi. Bu haqda Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov brifing vaqtida ma’lum qildi.

Koronavirusga testni xorijda topshirib kelgan bo‘lsa, uning natijasi O‘zbekistonga kelgandan keyin ham amal qiladimi? 

“Yo‘q. Kasallikka xorijda tekshirganlik haqidagi ma’lumotnomalar va sertifikatlar tan olinmaydi. 

Masalaning yana bir tomoni — har qanday shaxs tekshiruv o‘tkazilgandan keyin yoki o‘z yurtiga qaytib kelish jarayonida (samolyotda, poyezdda, avtomobilda va h.k.) kasallikni yuqtirib olgan bo‘lishi ham mumkin”, dedi Nurmat Otabekov.

Bosh inspektor O‘zbekistonda hozirda 4 xil test-sistemalardan foydalanilayotganini ma’lum qildi.

“Ular Xitoy (2 xil test sistema), Rossiya va Germaniya davlatlarida ishlab chiqilgan test-sistemalardir. Ularning sezgirlik darajasi 100 foiz deb baholangan”, dedi Otabekov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Hozirda koronavirus aniqlanganlar soni 2435 nafarga yetdi. Bugungacha bemorlarning 1945 nafari sog‘aydi va 10 nafari vafot etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

75

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing