Xorazmda yetim qizlarni zo‘rlagan pedofil amaldorlarga hukm o‘qildi

3-sahifa

image

Bugun, 3 noyabr kuni Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida Xorazmdagi mehribonlik uyida qizlarni zo‘rlagan amaldorlarga oid jinoyat ishini apellyatsiya tartibida yangidan ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar qildi.

Bildirilishicha, ushbu jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan.

“Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasining 2023 yil 3 noyabrdagi hukmi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tuman sudining 2022 yil 6 sentyabrdagi hukmining A. M. va A. Q. ga oid qismi bekor qilinib, sudlanuvchilar A. M. va A. Q. Jinoyat kodeksining oldingi tahrirdagi 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi va 128-1-moddasi (o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxsga moddiy qimmatliklar berish yoxud uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilish) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi va Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida ularning har biriga uzil-kesil 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi”, deydi oliy sud matbuot kotibi.

Shu tariqa sudlanuvchilarga nisbatan qo‘llanilgan “garov” tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib, Oybek Masharipov va Anvar Quryazov sud zalidan qamoqqa olingan.

Eslatib o‘tamiz, shu yining aprel oyida Xorazmdagi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari (3 nafar qiz) 10 oy davomida viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i Oybek  Masharipov va Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Anvar Quryazov tomonidan zo‘rlab kelingani ma’lum bo‘lgandi. Xiva tuman sudi ularga nisbatan 1,5 yil ozodlikni cheklash jazosini tayinlagandi. Shuningdek, ularga sharoit yaratib bergan bolalar uyi rahbari 5 yarim yilga qamalgandi. Uch nafar sudlanuvchi hukm ustidan Xorazm viloyati sudiga shikoyat qilgan, lekin apellyatsiya instansiyasi hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.

Keyinchalik Oybek Masharipov va Anvar Quryazovlarga yengil jazo tayinlanganligi va boshqa holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasi sudiga protest keltirilgan. Ish apellyatsiya tartibida yangidan ko‘rib chiqish uchun Toshkent shahar sudiga yuborilgan.


Maqola muallifi

Teglar

sud pedofil amaldor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing