Xorazmda piar uchun janjal uyushtirgan bloger qamaldi
3-sahifa
−
27 may
8503Xorazmda piar uchun janjal uyushtirgan bloger 15 sutkaga qamaldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoat xavfsizligi boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, voqea joriy yilning 21 may kuni Xorazm viloyatining Urganch shahrida sodir bo‘lgan. Videodan ko‘rish mumkinki, ijtimoiy tarmoq faoli mashina boshqaruvi davomida mahsulot reklamasi bilan band bo‘lib, rul boshqaruvini yo‘qotgan va bu o‘zi bilan bir yo‘nalishda harakatlanayotgan haydovchining e’tiroziga sabab bo‘lgan.
Shundan so‘ng bloger o‘sha haydovchi bilan tortishib qolib, haqoratli so‘kish so‘zlarini ishlatishgacha borgan. Oxir-oqibatda bloger Spark rusumli mashinani to‘xtashga majbur qilgan. Spark to‘xtagandan so‘ng u o‘zining bezorilik harakatlari bilan mashina haydovchisiga va mashinaga zarar yetkazishga harakat qilgan, xususan Spark’ning oldi oynasini sindirgan.
Qayd etilishicha, mazkur holat Xorazm ichki ishlar boshqarmasi tomonidan nazoratga olindi. Tekshiruvlarga ko‘ra, voqeaning barchasi obunachilar sonini oshirish ya’ni “qora piar” maqsadida amalga oshirilgan.
“Bularning barchasi piar edi. Tushib turib avtomobilning oynasini sindirishim kerak edi. Biroz quyushqondan chiqib ketdik. Haqiqiy hayot bilan aralashib ketdi. Bizning maqsadimiz “give away” boshlash edi. Qilgan ishimdan afsusdaman”, deydi bloger.
Qonunbuzarlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi(Mayda bezorilik)ga asosan 15 sutkaga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq internetda Xoliqjon vaynes nomi bilan tanilgan vayner Xoliqjon Samadov 7 sutkaga qamalgandi.