Xorazmda 4 yildan beri aliment to‘lashdan qochib yurgan erkak tovuq fermasidan topildi
3-sahifa
−
15 may
4522Xorazm viloyatida aliment qarzdorligi sabab 4 yildan ortiq vaqt mobaynida qidiruvda bo‘lgan shaxs ushlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Qayd etilishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudi buyrug‘iga asosan qarzdor K.A.dan bir nafar farzandi ta’minoti uchun sobiq turmush o‘rtog‘i foydasiga aliment undirish belgilangan.
Qarzdor aliment pullarini to‘lashdan qochib yurganligi sababli unga nisbatan Majburiy ijro byurosi Taxiatosh tuman bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan 2020 yil 12 mart kuni qidiruv e’lon qilingan. Uning aliment to‘lovlaridan qarzdorligi joriy yil 1 may holatiga ko‘ra 101 million so‘mni tashkil etgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, erkak Xorazm viloyati Urganch tumanida ikkinchi oilasining uyida istiqomat qilayotganligi aniqlangan. 4 yildan ortiq vaqt mobaynida qidiruvda bo‘lgan qarzdor Xorazm viloyati, Urganch tumanida joylashgan tovuq fermasida ishlayotgan vaqtida topilgan.
“Hozirda qarzdorga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar Jinoyat ishlari bo‘yicha Taxiatosh tuman sudiga yuborilgan va ushbu sud tomonidan joriy yil 6 may kuni qarzdor K.A.ga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab, qidiruvda bo‘lgan ayol Toshkent shahridagi choyxonalardan biridan topilgandi.
LiveBarchasi