Xomanaiy portdagi portlash sabablarini sinchiklab tekshirishni buyurdi
Olam
−
28 aprel
2821Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy xavfsizlik va sud organlariga mamlakat janubidagi Bandar Abbos portida sodir bo‘lgan portlashni tergov qilishni va bunda qasd yoki beparvolik borligini aniqlashni buyurdi.
Xomanaiy maxsus murojaatida halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi va jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tiladi.
Uning ta’kidlashicha, rasmiylar bunday fojialarning oldini olishni o‘zlarining burchi deb bilishlari, ayniqsa, qo‘poruvchilik ehtimoliga e’tibor berishlari kerak.
“Politsiya va adliya organlari voqeaning ehtiyotsizlik yoki g‘araz tufayli sodir bo‘lganini aniqlash uchun chuqur tekshiruv o‘tkazishi kerak”, dedi Eron oliy rahbari.
Hodisa 26 aprel kuni tushda Fors ko‘rfazi sohilidagi Bandar Abbos portida sodir bo‘lgan. Bir necha konteyner portlashi oqibatida 40 kishi halok bo‘ldi, 1000 dan ortiq kishi jarohatlandi. Nashr etilgan suratlar portning bir qismi jiddiy shikastlanganini ko‘rsatadi. Portlash sabablari hali rasman aniqlanmagan. Eron rasmiylari hozirda qo‘poruvchilik nazariyasini tasdiqlovchi dalil yo‘qligini aytdi.
Ayrim OAV portlash kimyoviy moddalar va raketa yoqilg‘isiga ehtiyotsizlik bilan munosabatda bo‘lish oqibatida sodir bo‘lgani haqida yozdi. Biroq kecha,27 aprel kuni mamlakat Mudofaa vazirligi bunday xabarlar “Eron dushmanlari ta’siri ostida” paydo bo‘layotganini ta’kidladi. Vazirlik bayonotida Bandar Abbosdagi Shahid Rajai porti hududida harbiy yuklar yo‘qligini, ammo portlashning aniq sababini aniqlash davom etayotganini aytiladi. Eronda 3 kunlik motam e’lon qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eronning Bandar-Abbos shahridagi Shahid-Rajai porti hududida ro‘y bergan portlash oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani, katta talafotlar ko‘rilgani munosabati bilan Prezident Mas’ud Pezeshkiyonga ta’ziya maktubini yo‘llagandi.
LiveBarchasi