Xomanaiy AQSH va Isroildan tovon puli talab qildi
Olam
−
09:20 5404 2 daqiqa
Eron Oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy AQSH va Isroilni “tajovuzkorlar” deb atab, Tehron ulardan yetkazilgan zarar uchun albatta tovon puli talab qilishini bildirdi. Bu haqda Xomanaiy “Fars” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Uning aytishicha, Eron hech qachon hujum qilganlarni tinch qo‘ymaydi va kompensatsiya undirish masalasini oxirigacha olib boradi.
Xomanaiy, shuningdek, Hormuz bo‘g‘ozining boshqaruvi “yangi bosqich”ga o‘tishini ma’lum qildi. Bu masala Eronning AQSH bilan muzokaralardagi asosiy talablaridan biri hisoblanadi.
U Eron urush boshlamaganini ta’kidlab, biroq mamlakat o‘z “qonuniy huquqlari”dan hech qachon voz kechmasligini aytdi. Shuningdek, u Eron xalqini “jang maydonidagi shartsiz g‘olib” deb atadi.
Qolaversa, Eron yetakchisi Fors ko‘rfazi davlatlarini “to‘g‘ri tomonni tanlashga” va “aldov va’dalarga uchmaslikka” chaqirdi.
Qayd etish joiz, 8 aprel kuni AQSH va Eron ikki haftalik sulhga kelishgan edi. AQSH Prezidenti Donald Tramp Vashington barcha harbiy maqsadlarga erishganini va Tehrondan 10 bandli taklif olganini ma’lum qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar 10 aprel kuni Islomobodda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Tramp esa sulhning asosiy shartlaridan biri sifatida Hormuz bo‘g‘ozining ochilishini ko‘rsatgan. U agar Eron kelishuvga amal qilmasa, AQSH yanada “kuchliroq zarbalar” berishi mumkinligini aytgan.
Shu bilan birga, NATO doirasida ham Hormuz bo‘g‘ozi xavfsizligi muhokama qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronni Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tuvchi tankerlar uchun to‘lov olishni darhol to‘xtatishga chaqirgandi.
Live
Barchasi