Xolmaxmatov Bosh prokuratura nimadan tashvishda ekanini ochiqladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari Abduxalim Xolmaxmatov mamlakatda kundan kunga urchib borayotgan “samosud” holatlari nazarda chetda qolayotganini va bunga e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi. Xolmaxmatovning so‘zlariga ko‘ra, Bosh prokuratura bundan tashvishda. U bu haqda bugun, 21 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining sakkizinchi yalpi majlisidagi nutqida to‘xtalib o‘tdi. 

Yalpi majlisda qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilishi holati yuzasidan Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturaga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.

Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Abduxalim Xolmaxmatov jamoatchilik va senatorlarga maxsus sub’ekt bo‘lmagan shaxslar, ya’ni fuqarolar tomonidan Jinoyat kodeksining 110-moddasida nazarda tutilgan qiynash jinoyatini sodir etish holatlari ortib borayotganini ham nazardan chetda qoldirmaslik kerakligini ta’kidladi. 

“Fuqarolarni tahqirlash, qiynash va o‘zboshimchalik bilan sud – "samosud" qilish katta tashvish uyg‘otmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida JKning 110-moddasi bilan 22 ta jinoyat ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning deyarli barchasi oila-turmush doirasida sodir bo‘lmoqda”, deydi Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari. 

Xolmaxmatov  bunday jinoyatlarning sodir etilishini bartaraf etish uchun birinchi navbatda mahalla fuqarolar yig‘ini mutasaddilari hamda profilaktika inspektorlari mas’uliyatini va faoliyat samaradorligini oshirish kerakligini ta’kidlaydi. Unga ko‘ra, prokuratura organlari tomonidan bunday holatlar bo‘yicha Ichki ishlar hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirliklariga tegishli tartibda prokuror nazorati hujjatlari yuborilgan. 

Eslatib o‘tamiz, ana shunday jinoyatlardan biri yaqinda Navoiy viloyatida sodir bo‘lgan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda fermer ishchisini kaltaklab, qiynab, daraxtga bog‘lab ketgani aks etgan video taqraldi. 

Mazkur holat yuzasidan Qiziltepa tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 109-moddasi 2-qismi (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish) va 138-moddasi 1-qismi (Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.  
 


Maqola muallifi

Teglar

Bosh prokuratura samosud Abduxalim Xolmaxmatov

Baholaganlar

157

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing