Xolavachchasi tomonidan fohishalik uchun Turkiyaga olib borilgan qiz O‘zbekistonga qaytarildi (video)
Olam
−
16 noyabr
6762Turkiyaga o‘z xolasining qizi tomonidan aldov yo‘li bilan olib borilgan odam savdosi qurboni O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 10 noyabr kuni Bosh konsulxonaga 2004 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi F.H. murojaat qilib, xolasining qizi A.M. tomonidan Turkiyaning Mug‘la viloyati “The Pera Hotel Marmaris” mehmonxonasida pul evaziga fohishalik bilan shug‘ullantirish maqsadida zo‘rlik bilan ushlab turilganini ma’lum qilgan va ozod qilinishida yordam so‘ragan.
“O‘zbekiston madaniyati, birdamlik va hamkorlik” hamda “O‘zbek xotin-qizlari huquqlarini himoya qilish” jamiyatlari bilan hamkorlikda F.H.ning mehmonxonadan ozod etilishi, Istanbulga olib borilishi va xavfsiz joyga joylashtirilishi tashkillashtirilgan.
Mahalliy huquq-tartibot idoralari tomonidan mazkur holatga aloqador bo‘lgan va Turkiyada odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi uyushgan jinoiy guruh qo‘lga olingan. Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Kecha, 15 noyabr kuni yuqorida zikr etilgan jamiyatlar bilan hamkorlikda qiz O‘zbekistonga qaytarilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Istanbul shahriga sayyoh bo‘lib borgan va hujjatlari bilan pullarini o‘g‘irlatgan 74 yoshli ayol O‘zbekistonga qaytarilgan edi.
LiveBarchasi