Xoland sabab “Borussiya” yirik hisobda g‘alaba qozondi
Sport
−
15 avgust 2021
3601Germaniya Bundesligasining 1-turida Dortmundning “Borussiya” klubi Frankfurtning “Ayntraxt” jamoasini mag‘lubiyatga uchratdi. Ushbu uchrashuvda Erling Xoland ikkita gol urdi va ikkita golga assistentlik qildi.
Dastlab, 23-daqiqada Xolandning uzatmasidan so‘ng, Marko Roys klub safidagi 100-golini urdi, ammo oradan uch daqiqa o‘tib, Feliks Passlakning avtogoli muvozanatni tikladi.
32-daqiqada Xolandning uzatmasini Torgan Azar darvozaga joylab qo‘ydi. Oradan ikki daqiqa o‘tar-o‘tmas 21 yoshli norvegiyalik futbolchining o‘zi hisobni 3:1 ko‘rinishiga keltirdi.
Ikkinchi taym 58-daqiqasida Jovanni Reyna, 70-daqiqada esa Xoland yana bir marta frankfurtliklar darvozasini ishg‘ol etdi. O‘yin yakunlanayotgan bir pallada Petter Xauge hisobni qisqartirdi — 5:2.
Ma’lumot uchun, Erlin Xoland “Borussiya” tarkibida barcha musobaqalarda 61 uchrashuvda maydonga tushib, 62 ta golga mualliflik qilgan.
Bu g‘alaba dortmundliklarning Germaniya chempionatidagi ketma-ket sakkizinchi g‘alabasi bo‘lib, 2011-12 yilgi mavsumda Yurgen Klopp qo‘l ostida qayd etilgan rekordni takrorladi.
LiveBarchasi