XOQ qishki Olimpiada muddatini ko‘chirishni ko‘rib chiqmoqda
Sport
−
14:47 628 2 daqiqa
Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi (XOQ) global isish va iqlim o‘zgarishi sababli kelgusi qishki Olimpiada o‘yinlarini yanvar oyiga ko‘chirish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Bu haqda XOQ prezidenti Kirsti Koventri Milanda bo‘lib o‘tgan XOQ sessiyasidan keyingi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Joriy yilgi qishki Olimpiada o‘yinlari 6-22 fevral kunlari Italiyaning Milan va Kortina-d’Ampezzo shaharlarida bo‘lib o‘tadi. 2030 yilda o‘yinlar Fransiya Alp tog‘larida, 2034 yilda esa AQSHning Solt-Leyk-Siti shahrida rejalashtirilgan.
“Darhaqiqat, ishchi qo‘mita a’zolaridan biri Olimpiadani yanvarga ko‘chirish taklifini ilgari surdi. Buning sababi – iqlim o‘zgarishi, ayniqsa, Olimpiadadan keyin mart oyida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan Paralimpiya o‘yinlarini hisobga olsak. Bu masala muhokama qilinmoqda, ammo hozircha hech qanday qaror qabul qilinmagan”, deydi Koventri.
Yanvar oyida o‘yinlarni o‘tkazish imkoniyatini XOQ Qishki Olimpiada mezbonlik komissiyasi raisi Karl Shtoss ham qo‘llab, iqlim o‘zgarishi sabab musobaqalarda sport turlari, sportchilar va tomoshabinlar soni kamayishi mumkinligini bildirdi.
Vaterloo universiteti professori Daniel Skott va Insbruk universiteti dotsenti Robert Steiger o‘tkazgan izlanishlarga ko‘ra, o‘yinlarni taxminan uch hafta oldin boshlash kelajakdagi musobaqalar uchun iqlimga chidamli joylar sonini oshirishga yordam beradi. Bu qisman mart oyida Olimpiadadan ikki hafta o‘tib boshlanadigan Paralimpiya o‘yinlari bilan bog‘liq, chunki ob-havo bunday tadbirlar uchun juda iliq bo‘lishi mumkin.
Live
Barchasi