Xitoyning Rossiya bilan bog‘liq rejalari ochiqlandi
Olam
−
15 dekabr 2022
13443Xitoy Raisi Si Szinpin Rossiyaga uzoq muddatli sarmoyalar kiritishni oshirmoqda. Bu haqda “Wall Street Journal” nashri yozmoqda.
Nashrning yozishicha, Xitoy rahbari uzoq muddatli sarmoyalar kiritishni oshirish maqsadida hukumatga Rossiya bilan yaqinroq aloqalarni yo‘lga qo‘yish haqida ko‘rsatma bergan.
Ta’kidlanishicha, Xitoy Rossiyaning neft, gaz va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilishni oshirishni mo‘ljallamoqda. Shuningdek, Xitoy Arktikada faolroq hamkorlik qilish va Rossiya infratuzilmasiga sarmoya kiritish niyatida.
Qolaversa, Moskva va Pekin aksariyat moliyaviy operatsiyalarni milliy valyutalarda amalga oshiradi.
Bir necha yil avval Xitoyning Sinxua universiteti Si Szinpinga Rossiya iqtisodiyotining kelajagi yo‘q degan hisobotni taqdim etgan. Si esa ushbu hisobotning chetiga bema’nilik deb yozgan.
Rossiya joriy yilning 24 fevral kunida Ukrainaga bostirib kirgach, G‘arb davlatlarining sanksiyalariga duchor bo‘ldi. Umumiy hisobda Rossiyaga qarshi 9 ta sanksiyalar paketi imzolandi. Xitoy esa Rossiyaning Ukrainaga agressiyasini ochiq qo‘llab-quvvatlamayotgan bo‘lsa-da, Moskva bilan hamkorlik qilishdan tiyilayotgani yo‘q.
Aksariyat siyosatshunoslar va iqtisodchilarda Xitoyning sarmoyalariga nisbatan xavotir mavjud. Xitoy pullarini kiritgan joyda o‘zining iqtisodiy va siyosiy bosimini kuchaytirishga harakat qilishi mumkin. Biroq ayni vaqtda Moskva uchun Xitoydan boshqa hamkor yo‘qdek tuyilmoqda.
LiveBarchasi