Tramp Xitoyga boradi. U Putin bilan uchrashishi mumkin

Olam

−

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yil noyabr oyida Xitoyda bo‘lib o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammitida ishtirok etmoqchi. Bu haqda u bugun, 25 sentyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan uchrashuv chog‘ida aytdi.

“Biz tashrif buyuramiz va juda ko‘p narsalarni muhokama qilamiz”, deydi Tramp Si Szinpin bilan uchrashuvda.

“RIA Novosti”ning yozishicha, Rossiya Prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov Vladimir Putin va Tramp noyabr oyida APEC sammiti doirasida shaxsan uchrashishlari mumkinligini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Prezidentlar bir tadbirda ishtirok etsa, ularning muzokaralari muqarrar bo‘ladi. 

Shuningdek, bir necha kun oldin Oq uy rahbari Putin bilan yana bir uchrashuv o‘tkazishi mumkinligini aytgan. Bundan tashqari, Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga Rossiya – AQSH – Ukraina o‘rtasidagi uch tomonlama muzokaralar yaqin orada bo‘lib o‘tishi mumkinligini, ammo hozircha aniq ma’lumot yo‘qligini ma’lum qilgan.

Shu bilan birga, AQSH Davlat departamenti rahbari Marko Rubio Vladimir Putinni Mayamidagi G20 sammitiga rasman taklif qilgan. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Mayamida Tramp va Putin bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tishi mumkinligini istisno etmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Si Szinpin uch kunlik davlat tashrifini amalga oshirish uchun Vashingtonga yetib borgani va Donald Tramp mehmonlarni Oq uyda kutib olish an’anasini buzib, uni aeroportda shaxsan qarshi olgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, Tramp Si Szinpinga davlat kechki taomi chog‘ida oqbosh burgut haykalini taqdim etdi va ushbu noodatiy sovg‘aning ramziy ma’nosi haqida so‘zlab berdi.  Keyinroq, Tramp Si Szinpin bilan uchrashuvdan juda mamnun ekanini va ba’zi muhim, ulkan voqealar sodir bo‘lishini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing