Xitoyning Boeing va Airbus’ga raqobatchi layneri xalqaro reysga chiqdi
Olam
−
13:42 1987 2 daqiqa
COMAC korporatsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan Xitoyning tor fyuzelyajli C919 yo‘lovchi samolyoti ilk bor muntazam xalqaro tijorat reysini amalga oshirdi. Air China aviakompaniyasining layneri Pekindan Mongoliya poytaxti Ulan-Batorga parvoz qildi. Tayinlangan aeroportda havo kemasi an’anaviy suv arkasi bilan kutib olindi. Bu haqda “Sinxua” xabar berdi.
Qayd etilishicha, endilikda samolyot Pekin – Ulan-Bator yo‘nalishi bo‘yicha har kuni qatnaydi. Laynerning Xitoy ichki yo‘nalishlaridagi tijoriy ekspluatatsiyasi 2023 yilning may oyida boshlangan edi. Ushbu davr mobaynida Air China, China Eastern Airlines va China Southern Airlines aviakompaniyalari ushbu modeldagi 41 ta samolyotdan iborat flotni shakllantirgan. Ular 26 ta shahar o‘rtasidagi 58 ta yo‘nalish bo‘yicha 7,5 milliondan ortiq yo‘lovchini tashigan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, C919 laynerlarining umumiy xavfsiz parvoz vaqti 130 ming soatdan oshgan. Shu bilan birga, COMAC korporatsiyasi seriyali yig‘ishni oshirishda davom etmoqda: agar 2025 yilda buyurtmachilarga 15 ta samolyot topshirilgan bo‘lsa, 2026 yilda ishlab chiqaruvchi bu ko‘rsatkichni 75 taga yetkazishni rejalashtirmoqda.
Muntazam xorijiy reysning yo‘lga qo‘yilishi Pekinning Boeing 737 va Airbus A320 laynerlariga milliy muqobil yaratish strategiyasining asosiy bosqichi bo‘lgan. Shu bilan birga, samolyot hozircha Yevropa aviatsiya xavfsizligi agentligi (EASA) tomonidan sertifikatlashtirish jarayonidan o‘tmoqda, bu esa uning G‘arb bozorlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib berilishini vaqtincha cheklaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Emirates” va “Qantas” aviakompaniyalariga tegishli 16 ta “Airbus A380” samolyotining qanot konstruksiyasida yoriqlar aniqlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi