Dunyodagi eng yirik 16 ta yo‘lovchi samolyotida yoriqlar aniqlandi
Olam
−
24 iyun 5007 2 daqiqa
“Emirates” va “Qantas” aviakompaniyalariga tegishli 16 ta “Airbus A380” samolyotining qanot konstruksiyasida yoriqlar aniqlandi. Ushbu laynerlar parvozlardan vaqtincha chetlatildi. Bu haqda DW xabar berdi.
Qayd etilishicha, dunyodagi eng yirik yo‘lovchi samolyotlaridan biri qanotining muhim elementida shikastlanishlar aniqlanganidan sababli keng ko‘lamli tekshiruvlar markazida qolgan. Yoriqlar “Airbus A380” samolyotlariga rejali texnik xizmat ko‘rsatish vaqtida aniqlangan. Shundan so‘ng, 16 ta samolyot qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazish uchun vaqtincha ekspluatatsiyadan olib tashlangan.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ulardan 15 tasi Dubayning “Emirates” aviakompaniyasiga tegishli, yana bittasidan Avstraliyaning “Qantas” kompaniyasi foydalanadi. Inspektorlarda eng ko‘p xavotir uyg‘otayotgan “Emirates”ning beshta samolyotini tekshirish ishlari 24 iyun kuni boshlanishi kerak.
“Emirates” va “Qantas”dan tashqari, “Airbus A380” samolyotlaridan “Lufthansa”, “British Airways”, “Etihad” va “Qatar Airways” aviakompaniyalari ham foydalanadi. Shu bilan birga, ushbu turdagi laynerlarning eng yirik operatori bo‘lib “Emirates” qolmoqda, uning parkida bunday samolyotlardan 100 dan ortig‘i mavjud”, deyiladi xabarda.
“Airbus” kompaniyasi yangi buyurtmalar yo‘qligi sababli 2021 yilda “A380” samolyotlarini ishlab chiqarishni to‘xtatgan. Dastlab ikki palubali ushbu layner fuqarolik aviatsiyasining kelajagi sifatida ko‘rilgan, biroq loyiha iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelgan.
Ekspertlarning bildirishicha, to‘rtta dvigatelli ushbu samolyotdan foydalanish faqat salon deyarli to‘liq band bo‘lgan taqdirdagina o‘zini oqlaydi. Yoqilg‘i sarfining yuqoriligi va mos keluvchi yo‘nalishlar soni cheklangani sababli, ushbu model keng ommalashmadi.
Ma’lumot uchun, ishlab chiqarish davrida jami 251 ta “Airbus A380” havo kemasi eksplutatsiya qilingan.
Live
Barchasi