Kanadada yo‘lovchi samolyoti ag‘darilib ketdi (video)
Olam
−
18 fevral 8484 2 daqiqa
Delta Airlines aviakompaniyasiga tegishli Bombardier CRJ900LR yo‘lovchi samolyoti Kanadaning Toronto xalqaro aeroportida qo‘nish chog‘ida ag‘darilib ketdi. Oqibatda 18 kishi jarohat oldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qayd etilishicha, samolyot bortida jami 76 yo‘lovchi va 4 ekipaj a’zosi bo‘lgan. Ularning aksariyati evakuatsiya qilingan va jarohat olmagan. Delta Connection brendi ostida parvoz qiluvchi N932XJ ro‘yxat raqamiga ega bo‘lgan ushbu layner AQSHning Minneapolis shahridan DL4819 reysida uchayotgan bo‘lgan. Uning operatori Delta’ning sho‘ba kompaniyasi Endeavor Air hisoblanadi.
Hodisa joyidan olingan kadrlarda samolyotning qor bilan qoplangan uchish-qo‘nish yo‘lagida ag‘darilib yotgani va yonida yong‘in o‘chirish mashinalari turgani ko‘rinadi. Shuningdek, fyuzelyajning orqa qismidan – dvigatellar joylashgan joydan tutun chiqayotgani qayd etilgan.
Hodisaning aniq sababi hozircha noma’lum. Kanada Transport xavfsizligi boshqarmasi ushbu hodisa bo‘yicha tergov boshlagan. Avvaliga falokat oqibatida bir bola va ikki katta yoshli yo‘lovchi og‘ir jarohat olgani haqida xabarlar tarqalgan. Biroq Toronto aeroporti rahbari Debora Flint matbuot anjumanida jiddiy jarohatlanganlar yo‘qligini ma’lum qilgan.
“Minneapolisdan kelgan Delta Air Lines samolyoti qo‘nish chog‘ida hodisaga uchragani haqida xabar topdik. Hodisa joyida favqulodda xizmatlar ishlamoqda. Barcha yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari tibbiy nazorat ostida”, deyiladi aeroport bayonotida.
Hodisa sababli Toronto aeroporti vaqtincha barcha reyslarni to‘xtatgan. Kanadaning CTV telekanali ma’lumotiga ko‘ra, samolyot kuchli shamol sababli qo‘nish vaqtida ag‘darilgan bo‘lishi mumkin. Hodisa chog‘ida shamol tezligi 32-48 km/soatni tashkil etgan. Uning shiddati 64 km/soatga ham yetgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Arizona shtatidagi aeroportda ikki biznes-jet to‘qnashuvi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan edi. Sakkiz yo‘lovchi uchun mo‘ljallangan Learjet 35A samolyoti qo‘ngandan so‘ng uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketib, Gulfstream 200 (18 o‘rinli) biznes-jeti bilan to‘qnashgan. Learjet 35A samolyoti Texas shtatining Ostin shahridan uchib kelgan.