Bishkek aeroportida yo‘lovchi samolyoti ag‘darilib ketdi (video)
Olam
−
07 iyul 9313 1 daqiqa
Bugun, 7 iyul kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkekdagi “Manas” xalqaro aeroportida “TezJet” aviakompaniyasining yo‘lovchi samolyoti ag‘darilib ketdi. Bu haqda “Kaktus.media” xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, dastlab samolyot Jaloloboddan Bishkekka uchib borgani xabar qilingan. Biroq voqea guvohlarining so‘zlariga ko‘ra, havo kemasi Bishkek – O‘sh yo‘nalishi bo‘yicha reysni amalga oshirishga tayyorlanayotgan bo‘lgan va havoga ko‘tarilish vaqtida ag‘darilib ketgan.
Hodisadan so‘ng yo‘lovchilar avariya trapi orqali evakuatsiya qilingan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hech kim jiddiy jarohat olmagan. Xabar qilinishicha, ayrim yo‘lovchilarda yengil jarohatlar va shilinishlar bor.
Nashr, shuningdek, voqea joyidan olingan tasvirlarni ham e’lon qildi. Unda havo kemasi qo‘nganidan keyin qiyalab qolgani va aeroport hududida yonboshlab yotgani ko‘rinadi.
“Manas” aeroporti bergan ma’lumotga ko‘ra, muammo samolyotning oldingi shassisi bilan bog‘liq bo‘lgan. Hodisadan keyin havo kemasi uchish uchun mo‘ljallangan yo‘lakda qolib ketgan. Yuz bergan hodisa sababli aeroport faoliyati vaqtinchalik cheklangan. Mahalliy vaqt bilan soat 16:35 holatiga ko‘ra, barcha reyslar to‘xtatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Texas shtatida 6 kishini olib ketayotgan kichik biznes samolyoti avtomagistralga qulab, yonib ketgandi.
Live
Barchasi