Xitoylik investor Bobur shahriga 250 mln dollar investitsiya kiritmoqchi

Jamiyat

image

Andijon viloyatining Bobur shahrida xitoylik investor 250 million dollar investitsiya hisobiga zamonaviy majmua qurmoqchi. Bu haqda bugun, 16 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning viloyatiga tashrifi davomida hududda investitsiya loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirayotgan xorijiy kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.

Kecha, 15 aprel kuni Bobur shahrida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilishi e’lon qilingan edi. Ko‘plab sarmoyadorlar shahar qurilishida ishtirok etishga qiziqish bildirmoqda. Jumladan, xitoylik investor 250 million dollar investitsiya hisobiga zamonaviy majmua qurmoqchi. Loyihaga muvofiq, 55 gektar hududda biznes markazi, mehmonxona, savdo markazlari va 3 ming xonadonga mo‘ljallangan uy-joy quriladi.

Shuningdek, bu yil Andijonda quvvati 24 megavatt, keyingi yil yana 20 megavatt bo‘lgan jami 763 ta kichik va mikro GESlarni ishga tushirish rejalashtirilgan.  Xitoy kompaniyalaridan biri viloyatda mikro GESlar uchun kerakli uskunalarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Qayd etilishicha, qurilgan GESlarga 1 yil davomida bepul servis xizmati ko‘rsatiladi. 

Uchrashuvda shu va boshqa loyihalar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Davlat rahbari mutasaddilarga investitsiyalarni ko‘paytirish, investorlar bilan yaqindan ishlab, zarur sharoitlarni yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shu bilan Prezidentning Andijon viloyatiga tashrifi yakunlandi, davlat rahbari Toshkentga qaytib keldi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida kecha, 15 aprel kuni Andijon viloyatiga yetib borgandi. Davlat rahbari Yangi Andijon shahridagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida o‘tayotgan xalq saylida so‘zga chiqib, Zahiriddin Muhammad Bobur xotirasini abadiylashtirish maqsadida Yangi Andijon shaharchasiga Bobur shahri deb nom berishni taklif qildi. Bugun, 16 aprel kuni viloyatda kompleks rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev viloyatga qo‘shimcha 1 trillion so‘m yo‘naltirilishini aytdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Andijon Bobur

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing