Xitoyda sun’iy intellekt yolg‘on ma’lumot bergani uchun sudga berildi
Olam
−
08:24 743 2 daqiqa
Xitoyda foydalanuvchi chat-botni noto‘g‘ri ma’lumot bergani uchun sudga berdi, biroq kompensatsiya undirib ololmadi. Bu haqda “Allesasia” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, bu ish Xitoyda generativ sun’iy intellekt faoliyatidagi xatolar bilan bog‘liq ilk sud jarayoni bo‘lgan. Qaysi chat-bot javobgar sifatida ishtirok etgani aniqlashtirilmagan.
Da’vogar Lyan familiyali foydalanuvchi chat-botdan bir universitetga kirish masalasi bo‘yicha ma’lumot olish uchun foydalangan. Sun’iy intellekt unga oliy ta’lim muassasasining asosiy kampusi haqida noto‘g‘ri ma’lumot bergan. Foydalanuvchi bu xatoni ko‘rsatganiga qaramay, chat-bot o‘z javobida turib olgan va hatto agar ma’lumot noto‘g‘ri bo‘lib chiqsa, sud orqali 100 ming yuan (taxminan 14 ming dollar) to‘lashga tayyor ekanini bildirgan.
Shundan so‘ng abituriyent Xanchjou internet sudiga murojaat qilib, sun’iy intellekt tomonidan berilgan noto‘g‘ri axborot uni oliygohga kirish bo‘yicha qaror qabul qilishda chalg‘itganini ta’kidlagan. Uning fikricha, bu holatda uning huquqlari buzilgan va javobgarlik chat-botni ishlab chiqqan kompaniya zimmasiga tushishi kerak edi.
Foydalanuvchi kompaniyadan 9 999 yuan (taxminan 1,4 ming dollar) undirishni talab qilgan. Biroq, sud da’voni rad etgan. Sud qaroriga ko‘ra, abituriyent real moddiy zarar ko‘rmagan, sun’iy intellektning xatosi va va’dalari esa huquqiy majburiyat sifatida baholanmaydi. Sud, shuningdek, generativ sun’iy intellekt aniq mahsulot emas, balki kontent yaratish xizmatini taqdim etishini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreya sun’iy intellektdan (SI) xavfsiz foydalanishni tartibga soluvchi keng qamrovli qonunni rasman qabul qilgandi.
Live
Barchasi