Xitoyda Mirziyoyevga avtomobil sovg‘a qilindi

Jamiyat

image

Bugun, 25 yanvar kuni davlat tashrifi bilan Shenchjen shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Xitoyda ishlab chiqarilgan avtomobil hadya qilindi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev Shenchjen shahrida Xitoyning yetakchi “BYD” kompaniyasi bosh qarorgohi va texnologiyalar markaziga tashrif buyurgan. Tashrif chog‘ida kompaniya yutuqlariga bag‘ishlangan ko‘rgazma, avtomobillar va boshqa turdagi texnikalarning ishlab chiqarilayotgan va istiqbolli modellari, kompaniyaning yangi texnologiyalari va ilg‘or ishlanmalari namoyishi bo‘lib o‘tgan.

Davlat rahbari kompaniya prezidenti Van Chuanfu bilan birga Jizzax viloyatida yiliga 50 ming dona gibrid va elektr avtomobillarni yig‘ish bo‘yicha loyihani ishga tushirishga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etgan.

Prezident Mirziyoyev yaqin istiqbolda bozordagi talabdan kelib chiqib modellar qatorini kengaytirish va ishlab chiqarish quvvatini yiliga 300 ming donagacha oshirish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.

Shuningdek, kompaniyaning O‘zbekistonda elektr avtobuslarini yig‘ishni yo‘lga qo‘yish, ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish va muhandislik-servis markazlarini tashkil etish borasidagi rejalari qo‘llab-quvvatlangan.

Tashrif chog‘ida kompaniya O‘zbekistonga 10 minginchi avtomobilini yetkazib berganining ramzi sifatida Shavkat Mirziyoyevga YANGWANG U8 avtomobili hadya qilindi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning aprel oyida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Shavkat Mirziyoyevga Turkiyada ishlab chiqarilayotgan ilk milliy avtomobil –  Togg elektrokarini sovg‘a qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Xitoy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing