Xitoyda itlarga ommaviy tarzda chip o‘rnatish boshlandi
Texnologiya
−
02 iyun 2020
7275Xitoyning Shenjen shahri hokimiyati 2020 yil oxirigacha barcha itlarga chip o‘rnatishni va’da qildi. Bu haqda "Global Times" xabar berdi.
Qayd etilishicha, itning terisi ostiga don donasi o‘lchamidagi mikrochip joylashtiriladi. Ushbu muolajani olib boradigan veterinarlardan birining so‘zlariga ko‘ra, jarayon bir necha soniya ichida yakunlanishi mumkin. Shuningdek, chip itning sog‘lig‘iga deyarli ta’sir ko‘rsatmaydi. Agar kerak bo‘lsa, uni olib tashlash mumkin.
Bu yo‘qolgan itlarni topish, egalarini aniqlash va hayvonlarni boshqarish uchun amalga oshiriladi. Ta’kidlanishicha, chipsiz itlar "litsenziyasiz" deb tasniflanadi.
"Best Life for Dogs" kompaniyasi menejeri Yao Yue aytishicha, mikrochip klassik bo‘yinbog‘dan afzaldir, chunki uning yordamida siz tezda hayvoni qidirib topishingiz mumkin.
"Chiplar nafaqat yo‘qolgan itlarning izini topishga yordam beradi, balki kimdir ularga nisbatan yomon munosabatda bo‘lgan taqdirda ularni qo‘lga olishda yordam beradi", deydi Yue.
Ta’kidlanishicha, shahar ma’murlari 198 ming itga chiplarni bepul joylashtirgan. Biroq, kasal, homilador, tug‘ilganiga 3 oy bo‘lmagan va og‘irligi 2 kilogrammdan kam itlarga chip o‘rnatilmadi.
Shuningdek, vakolatli xodimlar itning chipidan uning laqabi, nasabnomasi, aloqa ma’lumotlari va egasining ismi haqida ma’lumot olishlari mumkin. Boshqa shaharlarda ham itlarni boshqarish, topish, shuningdek, odamlar tomonidan qilinadigan shafqatsizlikdan himoya qilish maqsadida ularga chiplarni o‘rnatish g‘oyasini ilgari surilmoqda.
Ma’lumot uchun, shahar hokimiyati 1 maydan boshlab mushuk va itlarning go‘shtini sotish va yeyish taqiqladi.
LiveBarchasi