Xitoyda dunyodagi eng yirik tunnel qazish mashinasi yasaldi
Olam
−
18:21 566 2 daqiqa
Xitoyda diametri bo‘yicha dunyodagi eng yirik ikki qalqonli tunnel qazish kompleksi yaratildi. Bu haqda “Naked Science” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Yuexi deb nomlangan qurilma Sichuan provinsiyasining ma’muriy markazi Chenduda joriy yilning sentyabr oxirida ishlab chiqarish liniyasidan chiqarilgan.
Qurilmaning diametri 13,01 metr, uzunligi 220 metr, og‘irligi esa 3500 tonnani tashkil etadi. U Xitoyning Shudao Investment Group infratuzilma kompaniyasi hamda China Railway Engineering Equipment Group davlat kompaniyasi tomonidan birgalikda ishlab chiqilgan.
Yuexi tunnel qazish vaqtida tog‘ jinslari va tuproqni parchalash, tunnel devorlarini temir-beton konstruksiyalar bilan mustahkamlash hamda qazib olingan jinslarni chiqarib tashlash ishlarini bir vaqtning o‘zida bajarishi mumkin.
Mashinaning kesuvchi qalqoni diametri 48 santimetr bo‘lgan 83 ta diskli keskich bilan jihozlangan. Shuningdek, unda burg‘ilash va geologik razvedka tizimlari mavjud bo‘lib, ular mashina yetib bormasidan oldin tog‘ jinslarining holatini baholash imkonini beradi.
Avtomatik lazerli yo‘naltirish tizimi o‘lchashdagi xatolikni 3 millimetrgacha cheklaydi. Shu sababli qurilma 10 kilometrdan ortiq masofada ham millimetr darajasidagi aniqlikni saqlashi mumkin.
Yuexi Sichuan provinsiyasidagi Lyanshan-I avtonom okrugida Jinkouxe–Sichan tezyurar avtomobil yo‘li tarkibida qurilayotgan 18,4 kilometr uzunlikdagi Yuexi tunnelida qo‘llanadi.
Qayd etilishicha, mashina oyiga 380 metrdan ortiq tunnel qazishi mumkin. Ushbu texnologiya an’anaviy burg‘ilash va portlatish usuliga nisbatan qurilish samaradorligini 3–5 barobarga oshirishi kutilmoqda.
Mazkur loyiha Xitoyda yirik ikki qalqonli tunnel qazish mashinasidan avtomobil tunnelining asosiy qismini qurishda foydalanilayotgan ilk holat hisoblanadi. Bunday qurilmalar avvalroq asosan temiryo‘l va metro tunnellarini qurishda qo‘llangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning og‘ir mashinasozlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Zoomlion” kompaniyasi dunyodagi eng baland LW3600-240NB seriyali minorali kranni taqdim etgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi