Xitoyda davlat pulini o‘zlashtirgan amaldor qatl etildi
Olam
−
17 dekabr
4532Xitoyning Xux-Xoto shahridagi iqtisodiy va texnologik rivojlanish zonasida Kommunistik partiyaning ishchi qo‘mitasi sobiq kotibi Li Szyanpin korrupsiya jinoyatlari uchun qatl etildi. Bu haqda Xitoy Markaziy televideniyesi xabar berdi.
“Oliy sudning qaroriga binoan, 2024 yil 17 dekabr kuni ertalab Ichki Mo‘g‘uliston muxtor hududining Xingan okrugidagi o‘rta xalq sudi Li Szyanpinni qonuniy tartibda qatl etdi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Li Szyanpin turli lavozimlarda ishlagan vaqtida davlat mablag‘laridan 1,43 milliard yuandan ortiq (199 million dollardan ko‘proq) mablag‘ni noqonuniy ravishda o‘zlashtirgan. Shuningdek, u boshqa shaxslardan 577 million yuandan ortiq (80 million dollardan ko‘proq) moliyaviy va moddiy boyliklarni olgani aniqlangan. Bundan tashqari, 1,05 milliard yuandan ortiq (146 million dollardan ko‘proq) davlat mablag‘larini noto‘g‘ri maqsadlarda ishlatgan.
2022 yilda sud Li Szyanpinni o‘lim jazosiga hukm qilgan, shundan so‘ng u apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan. 2024 yil avgust oyida apellyatsiya instansiyasi o‘lim hukmini o‘z kuchida qoldirgan. Ma’lum qilinishicha, qatl etilishidan oldin Li Szyanpin yaqin qarindoshlari bilan uchrashgan.
Ma’lumot uchun, Xitoy raisi Si Szyanpin avvalroq korrupsiyani Kommunistik partiyaning hayotiyligi va jangovar qobiliyatiga xavf soluvchi asosiy xavf sifatida qayd etgan. Xitoy yetakchisining ta’kidlashicha, korrupsiya uchun sharoit va imkoniyat mavjud ekan, unga qarshi kurash bir lahzaga ham to‘xtatilmasligi kerak. U partiya korrupsiyaga hech qachon ko‘z yummasligini va “nol toqatlik tamoyili”ga muvofiq jazolashni davom ettirishini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning Xubey provinsiyasidagi Syannin o‘rta xalq sudi Xitoy milliy futbol terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Li Teni korrupsiyada ayblab, 20 yilga ozodlikdan mahrum qilgandi.
LiveBarchasi